Vazirlik veb-saytida joylashtirilib, jamoatchilik muhokamasiga qo`yilgan mazkur dastur orqali vazirlik faoliyati haqida keng jamoatchilikka muhim bo`lgan axborotlar berish ko`zda tutilgan.
Aholining huquqiy ma`lumotlarga bo`lgan ehtiyojini ta`minlash maqsadida ishlab chiqilgan loyihani amalga oshirish bo`yicha chora-tadbirlar rejasi ham ishlab chiqilgan. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Reja to`rt yo`nalishdan iborat bo`lib, unda amalga oshiriladigan tadbirlar, ijro etilish muddatlari hamda ijro uchun mas`ullar shuningdek, kutilayotgan natija qamrab olingan.
Jamoatchilik fikrini o`rganish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, huquq ijodkorligi, shuningdek, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka etkazish, vazirlik tizimida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo`yish, kadrlar zaxirasini shakllantirish, vazirlikka yuklatilgan boshqa vazifa va funksiyalarning bajarilishini tashkillashtirishda shaffoflikni ta`minlash shular jumlasidandir.
Jamoatchilik fikrini o`rganish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash yo`nalishi bo`yicha bir yilda kamida ikki marotaba Adliya vazirligi markaziy apparatida, Davlat xizmatlari agentligida (markazlarda), adliya organlari va muassasalarida «Ochiq eshiklar kuni» tadbirlarini tashkil etish ko`zda tutilgan.
Bu tadbirlarni amalga oshirilishidan aholini adliya organlari va muassasalari faoliyati bilan bevosita tanishtirish imkoniyatini yaratish, shuningdek, fuqarolar Adliya vazirligining davlat boshqaruvi tizimidagi o`rni va roli bilan tanishib borishini yo`lga qo`yish kabi natijalar kutilmoqda.