AsosiyJamiyat

Jinoyatning bittasi ham ko`p

'Jinoyatning bittasi ham ko`p'ning rasmi

Bugun O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida hududlardagi boshlang`ich tashkilot etakchilari bilan birgalikda “Yoshlar jinoyatchiligini jilovlash, ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish” mavzusida videoselektor shaklida vebinar bo`lib o`tdi.

Unda Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazining bo`lim mudiri Shavkat To`raev mamlakatimizda ijtimoiy ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish, ma`naviy-ma`rifiy ishlar samaradorligida yoshlarning rolini oshirish yuzasidan, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi bo`lim mudiri Bahriddin Sultonov esa yoshlar jinoyatchiligini oldini olish masalasidagi ma`ruzasi bilan ishtirok etdi.

Vebinarda O`zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlari xodimlari, viloyatlardagi boshqarma, tashkilot hamda ta`lim muassasalarining boshlang`ich tashkilot etakchilari, hududiy sardorlar Kengashi hamda hududiy ko`ngillilar guruhlarining a`zolari qatnashdi.

Ma`ruzalarda mamlakatimizda yoshlar o`rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ular o`rtasida ma`naviy muhitni yaxshilashda yangicha metodlardan foydalanish zarurati hamda bu sohadagi targ`ibot-tashviqot ishlariga yoshlarning munosabati haqida fikr-mulohazalar yuritildi.

—Bugungi kunda yoshlarni ish bilan ta`minlash, ularning vaqtlarini to`g`ri taqsimlashga ko`maklashish, to`garaklarga jalb etish jinoyatchilikni jilovlashning eng muhim omiliga aylangan, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo`lim mudiri Akmal Alimov. —Joylarda yoshlarning huquqiy savodxonligining pastligi, oddiy holatlarda qonun hujjatlarni bilmasligi va buning natijasida yoshlar o`rtasida mayda bezoriliklar, ma`muriy huquqbuzarliklarning sonini ko`payishiga olib kelmoqda.

Tadbir davomida bir qator vazirlik, idora va tashkilotlarning hamkorligida olib borilayotgan ishlar natijasida yurtimizda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan yoshlar o`rtasidagi jinoyatchilik 28,1 foizga, voyaga etmaganlar jinoyatchiligi esa 35,5 foizga kamayishiga erishilganligi haqida ma`lumot berildi.

—7 mingdan ortiq profilaktik hisobda turuvchi yoshlar “Barkamol avlod“ bolalar markazidagi to`garaklarda hunar o`rganmoqda, – deydi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`lim boshlig`i Bahriddin Sultonov. – 13 ming nafar ota-ona va ularning o`rnini bosuvchi shaxslar bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida yoshlar va voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar kamaydi.

Ma`ruzachilar yoshlar o`rtasida jinoyatchilikni jilovlashda avvalo, jinoyat sodir etishga moyilligi yuqori bo`lgan har qanday tarbiyasi og`ir yoshlarning xulq-atvoridagi salbiy o`zgarishlarni hududlardagi yoshlar etakchilari tomonidan hududning o`zida aniqlash, mazkur holatlarni oldini olishda avvalo ota-ona, oila va mahalla jamoatchiligini e`tiborini qaratish orqali tezkor ravishda samarali echim topish choralarini ko`rish bugungi kunning dolzarb yo`nalishlaridan ekanligini tilga oldi.

Bundan tashqari 190 ta kasb-hunar kollejlari negizida tashkil etilgan “Yoshlar markazlari”da 29 ta yo`nalish bo`yicha 2 ming 537 ta bepul to`garaklar faoliyati yo`lga qo`yilganligi, ularda har kuni o`rtacha 160 ming nafarga yaqin yosh bilim va ko`nikmalarini oshirayotganligi qayd etildi.

Bundan tashqari mahalla va ta`lim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, chekka hududlar va mahallalardagi yoshlar bilan maqsadli g`oyaviy-tarbiyaviy ishlarning yuzaki tarzda olib borilayotgani, jinoyatchilik, diniy ekstremizm va terroristik harakatlarga adashib qo`shilib qolish, milliy qadriyatlarga e`tiborsizlik, erta turmush qurish, oilaviy ajralishlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan ishlarning aksariyat hollarda kutilgan natijani bermayotgani bu masalalarga jiddiy yondashuvni talab etayotganligi ta`kidlandi. Shuningdek, yoshlar o`rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishda mahalla instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquq tartibot organlarining emas, balki keng jamoatchilikning vazifasi bo`lishi kerakligi aytildi.

—Oilada ijtimoiy-ma`naviy muhit sog`lomlashtirilmasa, farzandning asosiy tarbiyachilari loqaydlik holatlariga barham bermasa, targ`ibot ishlarining nafi sezilmaydi – deydi vebinar qatnashchisi Kumushbibi Abduhamidova. — Har qanday jinoyat ota-ona befarqligi va farzandning bekorchiligi sabab kelib chiqadi. Bu kabi targ`ibot tadbirlari ota-onalar uchun ham tashkil etilishi kerak, nazarimda. Faqatgina hududlardagi boshlang`ich tashkilot etakchilarining sa`y-harakatlari bilan yoshlar huquqbuzarliklarini bartaraf etish mushkul. O`zaro birlashuv va samarali hamkorlikkina kutilgan natijani beradi.

Vebinar yakunida tinglovchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Shahnoza Nurullaeva

    Boshqa yangiliklar