Tojikiston – Rossiya munosabatlarining izchil rivojlanishi mamlakat tashqi siyosatida muhim ahamiyatga ega, deya 5 fevral kuni bayonot berdi Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashuvi chog`ida.
Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati tarqatgan xabarga qaraganda, muzokaralarda ikki va ko`p tomonlama hamkorlik bilan bog`liq masalalarni muhokama qildi. Siyosiy integrasiya, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, davlat chegarasini muhofaza qilish, Afg`onistondagi vaziyat, Tojikiston armiyasini modernizasiya dasturi kabi masalalar muhokama qilindi.
Matbuot xizmatining xabariga qaraganda, uchrashuvda mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlik, paxta, oziq-ovqat, sanoat mahsulotlarini qayta ishlash jarayonida texnologiyalarni jalb qilish, shuningdek, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini Rossiya bozoriga eksportini ko`paytirish kabi masalalarni hal qilish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuvda Tojikistonda Rossiya maktablarini qurish va tojik maktablariga Rossiya pedagoglarini jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi. Muzokaralar kun tartibiga mehnat migrasiyasi alohida punkt sifatida kiritildi. Shuningdek, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning Rossiyaga bo`lajak tashrifi dasturi ham muhokamalar mavzusi bo`ldi, to`g`ri hozircha tashrifning aniq sanasi e`lon qilinmagan.
Sergey Lavrov tojikistonlik hamkasbi Sirojiddin Muhriddin bilan ham muzokaralar olib bordi.
“EOIXga kirmaydigan mamlakatlar orasida Tojikiston Rossiyaga ishlash uchun yo`l olgan fuqarolari uchun maksimal darajada imtiyozlardan foydalanmoqda”, deya Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bayonot berdi. U bu bayonot bilan 5 fevral kuni Rossiya-Tojik Slavyan universitetida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida chiqdi.
Uning so`zlariga qaraganda, hisobga olinmagan holda Rossiya hududlarida Tojikiston fuqarolari 7 kun emas, balki 15 kun bo`lishi mumkin. “Patent 3 yilga beriladi, bu ham juda muhim bo`lgan jihatdir. To`g`ri, patent tezroq arzonlashtirilsa yaxshi bo`lardi, ammo bu muzokaralarni taqozo qiladi”, deya qo`shimcha qildi rossiyalik amaldor.
Rossiya Federasiyasi tomonidan xorijiy fuqarolarga nisbatan patent joriy qilinganidan so`ng, Rossiyaning har bir mintaqasida to`lovlarning o`z tariflari belgilandi. Masalan, Moskvada bir oylik patent 5 ming rublni, Moskva viloyatida esa 4750 rublni, Sankt-Peterburgda 3800 rublni tashkil qiladi. Eng yuqori patent narxi Saxa-Yoqutiston Respublikasida bo`lib 9330 rubldir.
Matbuot anjumani ishtirokchilaridan biri unga migrasiya amnistiyasi ehtimoli haqida savol berganidan keyin Lavrov Rossiyadagi tojik mehnat migrantlari bilan bog`liq muammoni ko`tardi. “Amnistiya bir necha bor qo`llanilgan. Migrantlar bilan ularning Rossiyaga borishlaridan avval ishlash juda ham muhimdir, ular loyqa sxemalar bilan emas, balki o`zlarining ish beruvchilari kim ekanligini aniq bilgan holda borishlari kerak, ana shunda ochiqchasiga ishlay olishadi. Ularning pasportlari olib qo`yilmaydi va har ehtimolga qarshi deya konvertlarda pul berilmaydi”, deb ta`kidladi Lavrov.
Rossiya TIV rahbari mehnat migrantlarining huquqlari kafolatlanadigan shartnoma imzolanishi kerakligini aytdi. “Biz mehnat migrantlarining pensiyasi to`g`risidagi hujjatni imzolashimiz kerak – bu hujjat hozir muzokaralar stolida turibdi. Migrantlarni Rossiyaga borishidan avval, Tojikistonning o`zida tanlashni tashkillashtirishga oid shartnomani imzolash kerak. Readmissiya to`g`risida – Rossiya qonunlarini buzgan migrantlarni Tojikistonga qaytarish to`g`risidagi shartnomani imzolash kerak. Biz shu kabi shartnomani EI bilan imzoladik, hammasi joyida, shunday ekan bundan qo`rqish kerak emas”, dedi S.Lavrov.
Uning so`zlariga qaraganda, bu hujjatlar to`plami mazkur sohada xufyonalikka butunlay barham berilishi, oshkora bo`lishi va migrantlarga barcha sharoit yaratilishi, Rossiya uchun ham, Tojikiston uchun ham xavf yaratmasligini qayd qilib o`tdi.
Sharofiddin To`laganov, O`zA