AsosiyJamiyat

"Biznes yuritish" yillik hisobotida O`zbekiston reytingi yaxshilanadi

'"Biznes yuritish" yillik hisobotida O`zbekiston reytingi yaxshilanadi'ning rasmi

Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O`zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O`zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash bo`yicha “Yo`l xaritasi”;
  • 2022 yilga kelib respublikaning 20-o`ringa erishishini nazarda tutuvchi Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O`zbekiston Respublikasi reytingini yaxshilashning “Biznes yuritishni yaxshilash – 2022” maqsadli ko`rsatkichlari.

2019 yil 1 martdan:

  • tadbirkorlarni davlat ro`yxatidan o`tkazishda bank hisob raqamlarini masofadan turib ochishi mumkin;

qurilish uchun ruxsatnomalar olish sohasida:

  • er uchastkasida qurilishi taqiqlangan yoki ruxsat etilgan ob`ektlar to`liq ko`rsatib, “E-IJRO AUKSION”ga auksion orqali qo`yilganda, er uchastkalaridan maqsadli foydalanish tartibi bekor qilinadi;
  • qurilish organlariga arxitektura-shaharsozlik kengashlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalari o`tkaziladi;
  • qurilishi tugallangan bino va inshootlarni qabul qilish dalolatnomasi ko`chmas mulk ob`ektiga bo`lgan huquq davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi haqidagi guvohnoma ko`chirmasi bilan bir vaqtda beriladi;
  • iste`molchilarni elektr ta`minotidan ruxsatsiz uzganlik uchun iqtisodiy sanksiyalar qo`llaniladi;

mulkni ro`yxatdan o`tkazish sohasida:

  • ko`chmas mulkka bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazish va kadastr hisobini yuritish uchun ariza eksterritoriallik prinsipi asosida berilishi mumkin;
  • notarial idoralar majburiy tartibda ko`chmas mulkni davlat ro`yxatidan o`tkazish to`g`risidagi arizani va tegishli hujjatlarni davlat ro`yxatidan o`tkazishni amalga oshiruvchi organga axborot-kommunikasiya tizimlari orqali bepul asosda yuboradi;
  • kadastr hujjatlarini tayyorlash uchun elektron shaklda murojaat qilish va tayyorlash mexanizmi joriy etiladi;

minoritar aksiyadorlarni himoya qilish sohasida:

  • aksiyadorlarga yirik bitim va affillangan shaxslar bilan qiymati jamiyat sof aktivlari miqdorining 10 va undan ortiq foizini tashkil qiluvchi bitim tuzish natijasida jamiyatga etkazilgan zarar uchun kuzatuv kengashining manfaatdor a`zosini sud tartibida javobgarlikka tortish huquqi beriladi;
  • aksiyalar bo`yicha hisoblangan dividendlarni Qimmatli qog`ozlar markaziy depozitariysi yoki investisiya vositachilari orqali to`lash mexanizmi joriy etiladi;
  • xalqaro savdo sohasida – tovarning kelib chiqishi to`g`risidagi sertifikatni berish Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan bir qatorda Savdo-sanoat palatasi tomonidan ham amalga oshiriladi;

kontraktlar ijrosini ta`minlash sohasida:

  • iqtisodiy sudda nizolarni hal qilish usuli sifatida sudgacha majlis o`tkazish imkonini beruvchi tartib joriy etiladi;
  • sudlarda to`lovlarni amalga oshirishning yagona elektron tizimi joriy etiladi.

2019 yil 1 martdan quyidagilar bekor qilinadi:

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlarning hujjatlarga muhr bosilishini talab qilish;
  • qurilish-montaj ishlarining boshlanishi haqida xabardor qilish mexanizmini joriy etish orqali ularni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish;
  • qurilish sohasini nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalar tomonidan shaharsozlik to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni bajarish yuzasidan shartnomalar tuzish tartiblari.

2020 yil 1 yanvardan Toshkent shahrida shaharsozlikka oid yangi eksperiment tartibi joriy etiladi.

    Boshqa yangiliklar