AsosiyJamiyat

O`zbekiston Ozarbayjonga qishloq xo`jaligi texnikalari eksporti hajmini oshiradi

'O`zbekiston Ozarbayjonga qishloq xo`jaligi texnikalari eksporti hajmini oshiradi'ning rasmi

Ozarbayjon Qishloq xo`jaligi vazirligi delegasiyasi bugun, 5 fevral kuni «O`zagrotexsanoatxolding»da bo`lib, uning tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarilgan zamonaviy qishloq xo`jaligi texnikalari bilan tanishdi. Bu haqda aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.

«O`zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarda 2018 yilda jami 11 ming 570 dona qishloq xo`jaligi texnikasi ishlab chiqarildi.

Toshkent qishloq xo`jaligi texnikasi zavodida 7 turdagi traktor, 2 turdagi paxta terish mashinasi, yuk tashishga ixtisoslashgan tirkamalar ishlab chiqarilmoqda. Zavod o`tgan yilda 900 milliard so`mlikdan ziyod qishloq xo`jaligi texnikalarini dehqon va fermer xo`jaliklariga etkazib berdi. Shuningdek, korxona faoliyati Germaniya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar hisobiga yanada yaxshilandi. Hozirgi kunda jamiyat tizimidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan texnikalarni 30-40 foizgacha mahalliylashtirish bo`yicha jadal ishlar olib borilmoqda.

Tadbirda Ozarbayjon delegasiyasi bilan «O`zagrotexsanoatxolding» AJ o`rtasida qishloq xo`jaligi texnikalarini etkazib berish yuzasidan muzokara o`tkazildi. 2018 yilda aksiyadorlik jamiyati tomonidan Ozarbayjonga 70 dan ortiq turdagi qishloq xo`jaligi texnikalari eksport qilingan edi. Joriy yilda Ozarbayjonda o`tadigan agroko`rgazmalarda yurtimizda ishlab chiqarilgan texnikalar ham namoyish etiladi. Bu eksport hajmini yanada oshirishga turtki beradi.

– Uchrashuvda ozarbayjonlik mutaxassislar bilan o`zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildik, – deydi «O`zagrotexsanoatxolding» AJ boshqaruvi raisi Muxtor Karimov. – Ishlab chiqarishda zamonaviy xorij tajribasini tatbiq etish, chet ellik hamkorlar bilan muzokaralar o`tkazish orqali tizim korxonalarida mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish asosiy vazifamizdir. Bu kabi muzokaralar biz ishlab chiqarayotgan qishloq xo`jaligi texnikalarining ichki va tashqi bozorlarda mustahkam o`rin egallashiga zamin yaratadi.

    Boshqa yangiliklar