AsosiyJamiyat

Sudning hal qiluv qarorlari Oliy sud rasmiy veb-saytida e`lon qilinadi

'Sudning hal qiluv qarorlari Oliy sud rasmiy veb-saytida e`lon qilinadi'ning rasmi

2019 yil 6 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Unda mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta`minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko`rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda yozilishicha, majlis avvalida deputatlar “Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining “Doing business” yillik hisobotida O`zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksiga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasini atroflicha muhokama qildilar.

Prezidentning 2018 yil 13 iyuldagi tegishli qarori ijrosini ta`minlash maqsadida ishlab chiqilgan ushbu loyihaga binoan, iqtisodiy ishlar bo`yicha sud muhokamalarida oshkoralikni ta`minlash maqsadida Iqtisodiy prosessual kodeksiga sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlarini (yopiq sud majlislarida chiqarilgan hal qiluv qarorlari bundan mustasno) taraflarning roziligi bilan O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy veb-saytida e`lon qilinishi shartligiga doir normalar kiritilmoqda.

Ta`kidlanishicha, bugungi kunda sud muhokamalarida oshkoralik uni videokonferensaloqa rejimida o`tkazish, onlayn tarzida ham uzatish hamda audio yoki videoyozuvga olish yo`li bilan ta`minlanmoqda. Sud muhokamalarida ochiqlik va oshkoralikni ta`minlashdagi keyingi qadam esa, sudning hal qiluv qarorlarini internet tarmog`ida, shu jumladan, Oliy sudning rasmiy veb-saytida e`lon qilish hisoblanadi.

Shuningdek, mazkur qonun loyihasi Iqtisodiy prosessual kodeksiga iqtisodiy sudlar tomonidan da`vo summasi kam miqdorda bo`lgan nizolarni soddalashtirilgan tartibda ko`rish to`g`risidagi normalar kiritishni ham nazarda tutadi. Unga ko`ra, soliq to`lovchining soliq qarzini uning mol-mulkiga qaratish talabi bo`yicha, agar da`vo summasi yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan oshmagan miqdorda bo`lsa, da`vo ariza bo`yicha ishni soddalashtirilgan tartibda ko`rilishini belgilash taklif qilinmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonunchilikka kiritilayotgan bu kabi yangiliklar sud ishlarini yuritish tizimiga soddalashtirilgan tartib-taomillarni joriy qilish, ishlarni tezkorlik bilan ko`rib chiqish, muayyan turdagi nizolar bo`yicha hal qiluv qarorlarini kuzatib borish imkonini beradi.

    Boshqa yangiliklar