AsosiyJamiyat

Alisher Sultonov Xalqaro atom energetikasi agentligi vakillari bilan uchrashdi

'Alisher Sultonov Xalqaro atom energetikasi agentligi vakillari bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov Xalqaro atom energetikasi agentligi (XAEA - MAGATE) delegasiyasi a`zolari bilan uchrashdi. «O`zatom» agentligi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Uchrashuvda atom energetikasi faoliyatining yo`lga qo`yilishi nafaqat energetika rivoji, balki fan, kadrlarni tayyorlash kabi sohalarning jadal rivojlanishiga sabab bo`lishi, mamlakatning qishloq xo`jaligi, tibbiyot, qurilish yo`nalishlaridagi imkoniyati bir necha baravarga oshishi ta`kidlandi.

Shuningdek O`zbekistonda kadrlarni tayyorlash masalasiga katta e`tibor qaratilayotgani qayd etildi. Bugungi kunda o`zbekistonlik 58 talaba “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadroviy universitetida ta`lim olmoqda. Toshkentda mazkur universitetning filialini tashkil qilishga doir ishlar olib borilmoqda, bu erda O`zbekistonning yadro energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlanadi.

AESni barpo etishga oid keng ko`lamli ishlar doirasida XAEA bilan hamkorlik ham yangi bosqichga ko`tarildi. Xalqaro agentlik bilan hamkorlikda o`tkazilayotgan seminar ham shu yo`nalishda olib borilayotgan muhim ishlardan biridir.

XAEA delegasiyasi nomidan so`zga chiqqan Jentkovski uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, tinch atomdan foydalanuvchi mamlakatlar qatoriga kirayotgan O`zbekiston o`z oldiga qo`ygan vazifalari bilan hayratga solayotganini ta`kidladi.

“Yadro energetikasini rivojlantirish katta resurslarni, jumladan, investisiyalarni talab qiluvchi loyiha hisoblanadi. AES qurilishi ishlari murakkab bo`lsa-da, siz ularni qisqa muddatda bajarishga tayyor ekanligingiz quvonarli. Biz esa, o`z navbatida, sizni to`liq qo`llab-quvvatlashga tayyormiz, bunday hamkorlik loyihaning barcha xavfsizlik talablariga muvofiq kelishiga yordam beradi”, - dedi XAEA yadroviy qurilmalar xavfsizligi bo`limi direktori G.Jentkovski.

Jentkovskining so`zlariga ko`ra, XAEA delegasiyasi a`zolari O`zbekistonga tashrifi doirasida mamlakatda AES qurilishi loyihasining amalga oshirilishida xavfsizlik ustuvor vazifa ekaniga ishonch hosil qilishgan.

"O`z zimmangizga XAEA talablariga muvofiq bo`lish majburiyatini olayotganligingiz juda muhim. Biz ushbu standartlarni mamlakatingizda ommalashtirishga doir barcha choralarni ko`ramiz. Loyihangiz samarali va xavfsiz bo`lishi tarafdorimiz", - qo`shimcha qildi u.

Ta`kidlash joizki, AEXA delegasiyasi O`zbekistonga “O`zatom” agentligi va mamlakatning birinchi atom elektr stansiyasi (AES) qurilishiga aloqador boshqa tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida seminar o`tkazish doirasida tashrif buyurgan.

2019 yilda O`zbekiston va XAEA hamkorligining 25 yilligi nishonlanadi. Bugunga kelib ushbu hamkorlik aloqalari mamlakatda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi munosabati bilan yangi bosqichga ko`tarilmoqda.

    Boshqa yangiliklar