2019 yilning 6 fevral kuni Chelyabinsk oblasti (Rossiya) gubernatori Boris Dubrovskiy va hududning Inson huquqlari bo`yicha vakili Margarita Pavlova O`zbekiston fuqarosi Olamafruz Abdullaevga tantanali ravishda «Yaxshilik qilishga shoshiling» («Speshite delat dobro») medalini topshirdi.
TIV xabariga ko`ra, marosim oblast gubernatorining qarorgohida bo`lib o`tgan.
Faxriy yorliqda yozilganidek, vatandoshimiz «Rossiya Federasiyasining Konstitusiyasi, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi va Inson huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi Evropa Konvensiyasi bilan mustahkamlab qo`yilgan inson va fuqaro huquq va erkinliklarini himoya qilish ishiga qo`shgan ulkan hissasi uchun» medal bilan taqdirlandi.
Medal Chelyabinsk oblastidagi Inson huquqlari bo`yicha vakil tomonidan ta`sis etilgan bo`lib, har yili jamiyat uchun muhim ishlarni amalga oshirgan va og`ir turmush sharoitlariga tushib qolganlarga ko`maklashgan shaxslarga topshiriladi.
2018 yilning 31 dekabr kuni Magnitogorsk shahridagi turar joy binosida yuz bergan portlash natijasida jarohatlanganlarga yordam ko`rsatishga oshiqib, qahramonlik ko`rsatgan va yuksak mukofotga loyiq topilgan 19 nafar janubiy uralliklardan biri Olamafruz Abdullaev bo`ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari etib kelguniga qadar u sakkiz nafar kishining vayronalar ostidan chiqishiga yordamlashdi, – deb xabar berdi O`zbekistonning Ekaterinburg shahridagi bosh konsulxonasi (Ural federal okrugi).
Kuni kecha Olamafruz Abdullaev O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri nomidan qimmatbaho sovg`a va bosh konsulxonaning faxriy yorlig`ini ham qabul qilib olgandi.
Eslatib o`tamiz, bugun, 7 fevral kuni u Toshkentga uchib keladi.