AsosiyJamiyat

Deputat fikri: Jarima faqat yuk va yo`lovchi tashuvchilarga qo`llanishi mumkin

'Deputat fikri: Jarima faqat yuk va yo`lovchi tashuvchilarga qo`llanishi mumkin 'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risida”gi kodeksning 135-moddasiga o`zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o`qishda ko`rib chiqilib, qabul qilindi. Buning ahamiyati haqida quyi palata deputati Rasul Kusherbaev o`z telegram kanalida quyidagi fikrlarni bildirib o`tdi:

“Haydovchilarning malakasini oshirish va sertifikat olish masalasi ancha muncha muhokamaga sabab bo`lgan mavzular qatorida bo`ldi. Turli takliflar va fikrlar bo`lganligini ham kuzatdik.

Ko`pchilikning taklifi va haqiqatan ham fuqarolarning xavfsizligini ta`minlash maqsadida bugun deputatlar tomonidan “O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risida”gi kodeksning 135-moddasiga o`zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o`qishda ko`rib chiqilib, qabul qilindi.

Ma`lumot uchun: ushbu modda yo`l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo`lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarganligi uchun jarima qo`llashga bag`ishlangan.

Qonun loyihasining birinchi o`qishda kiritilgan variantidan farqli ravishda deputatlarning takliflari bilan loyiha ikkinchi o`qishda qayta ishlanib, yo`l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo`lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishda zarur bo`lgan hujjatlar qatorida transport vositalarida faqatgina “yo`lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchining malaka oshirishdan o`tganligi to`g`risidagi sertifikati” bo`lishi zarurligi nazarda tutildi. Ya`ni barcha yuridik shaxs haydovchilari emas, faqat yo`lovchi va yuk tashish bilan shug`ullanadigan haydovchilarning malaka oshirganligi to`g`risidagi sertifikati bo`lishi haqida gap ketmoqda. Shuningdek, transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani almashtirish yoki yo`qolgan guvohnoma o`rniga boshqasini berish hollarini istisno qilgan holda guvohnoma olgan paytdan e`tiboran ikki yillik davr bu talabdan mustasno ekanligi ko`zda tutilmoqda.

Demak, bundan anglashiladiki, yo`l harakati xavfsizligi inspektori(GAI) hujjatni ko`zdan kechirishda barcha yuridik shaxslarga tegishli avtotransport haydovchilaridan emas, balki faqat yo`lovchi va yuk tashishga ixtisoslashgan haydovchilardangina malaka oshirganligi haqida sertifikatni ko`rsatishni talab qilishi mumkin.

Fursatdan foydalanib, hamkasblarimizga masalaga to`g`ri yondashib, loyihani shunchaki emas, real natija berish, qulaylik yaratishga xizmat qilishi mumkin bo`lgan holda maromiga etkazib, qabul qilinishiga qo`shgan hissalari uchun (ketgan asab uchun ham) tashakkur demoqchiman”.

    Boshqa yangiliklar