AsosiyJamiyat

3,8 milliard so`mlik televizorlarni noqonuniy olib kirayotgan "tadbirkorlar" aniqlandi

'3,8 milliard so`mlik televizorlarni noqonuniy olib kirayotgan "tadbirkorlar" aniqlandi'ning rasmi

Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan respublikamiz hududiga tovar-moddiy boyliklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib kirilishining oldini olish maqsadida keng ko`lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati.

Shunga qaramay, ayrim qo`shtirnoq ichidagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni bojxona nazoratidan chetlab yoki yashirincha olib kirishga bo`lgan urinishlar, buning uchun esa turli hiyla-nayranglarni ishga solish holatlari hamon ko`zga tashlanmoqda.

Yaqinda Davlat bojxona qo`mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hamkorlikda o`tkazilgan tadbirda ana shunday noqonuniy faoliyat bilan shug`ullanuvchi jinoiy guruhning kirdikorlari fosh qilindi.

Qo`shni davlatdan Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara-bojxona posti orqali respublikamizga kirib kelgan, qo`shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasiga tegishli hujjatlar ko`zdan kechirilganida, bojxona xodimlarni shubhalantirgan ayrim jihatlar namoyon bo`ldi.

Hujjatlarga ko`ra, respublikadan go`yoki tranzit tarzida o`tayotgan mazkur yuk avtotransport vositasiga ortilgan yuklarning invoys hujjatlari qarang-ki, 2 xil ekan.

Ularning biri respublikaga kirib kelishda bojxona organlariga taqdim qilish uchun mo`ljallangan bo`lib, unga ko`ra avtotransport vositasiga qiymati 17 ming AQSh dollaridan oshiq bo`lgan 2482 dona televizorlar va 200 dona issiqlik radiatorlari ortilgani qayd qilingan.

Ammo, chegaradan chiqib ketish davomida bojxona organlariga taqdim qilinishi lozim bo`lgan soxta invoysda esa issiqlik radiatorlari 100 taga kamaytirib ko`rsatilgan, televizorlar o`rniga esa kulolchilikda qo`llaniladigan materiallar, ko`rpa-to`shaklar va turli g`iloflar borligi aks ettirilgan.

Hujjatlardagi nomuvofiqliklarga oydinlik kiritish maqsadida mazkur yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, unga 4 turdagi 2680 dona chet elda ishlab chiqarilgan televizorlar ortilgani aniqlandi. Ularning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra 3 mlrd. 816 mln. so`mni tashkil qilmoqda.

Demak, jinoiy guruhning hiylasiga ko`ra respublika hududidan go`yoki tranzit tarzida o`tkazilayotgan mazkur televizorlar aslida ichki hududda tushirib qoldirilishi va ularning o`rniga chiqib ketishda boshqa tovarlar ortilishi rejalashtirilgan.

Jinoiy guruh a`zolari ushbu kontrabanda mahsulotlarini respublika hududida tushirib qoldirish rejasi fosh qilinishining oldini olish maqsadida bojxona xodimlarini pora evaziga og`dirishga harakat qilishadi va bojxona xodimlariga 9 ming AQSh dollarini pora sifatida taklif qilishadi. Ammo, ularning bu nayrangi ham naf bermadi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Shuningdek, jinoiy guruhning qolgan a`zolarini ham fosh qilish va ularga nisbatan jazo muqarrarligini ta`minlash yuzasidan tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar