Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta`minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo`yicha TDYuUning Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi. Prezidentning 2019 yil 7 fevraldagi qarori O`zA saytida e`lon qilingan.
Filialdagi ta`lim jarayoni ikkita yo`nalishda olib boriladi:
- kunduzgi ta`lim shaklida bakalavriatning maxsus 3 yillik dasturi bo`yicha «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta`minlash» soha mutaxassisligi bo`yicha kadrlarni tayyorlash. Bakalavriat dasturi bo`yicha qabul tanlov asosida amalga oshiriladi;
- xuddi shu mutaxassislik bo`yicha kunduzgi ta`lim shaklida maxsus 6 oylik dastur bo`yicha qayta tayyorlash. Bu erga ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiya qo`mondoni tavsiyalari asosida oliy noyuridik ma`lumotga ega bo`lgan amaldagi xodimlar va harbiy xizmatchilar qabul qilinadi. O`qitish xizmatdan tashqarida, biroq egallab turgan lavozimi va pul ta`minoti saqlab qolingan holda amalga oshiriladi.
Filialda o`qitish davlat grantlari asosida amalga oshiriladi.
Filial bakalavriatiga qabul kvotasi yiliga 255 kishini, kadrlarni qayta tayyorlash dasturi bo`yicha esa – har olti oyda 50 kishini tashkil etadi. Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda IIV va Milliy gvardiyaning buyurtmalariga muvofiq hamda poytaxt va poytaxt viloyatining ushbu sohadagi yuridik kadrlarga bo`lgan ehtiyojini inobatga olib, qabul kvotalarini ko`paytirish yoki kamaytirish huquqiga ega.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qo`shgan Toshkent shahri va Toshkent viloyati profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo`yicha yordamchilariga o`rnatilgan qabul kvotalari doirasida adliya vaziri tomonidan belgilanadigan alohida kvotalar bo`yicha filialga o`qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etish huquqini taqdim etadigan Toshkent shahar IIBB va Toshkent viloyati IIB boshliqlarining tavsiyalari berilishi mumkin.
Filialda o`qishni tamomlagan shaxslar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta`minlash tizimida kamida 5 yil ishlab berish majburiyatini oladilar. Bunda filial diplomining mavjudligi IIOga IIV Akademiyasida maxsus kasbiy tayyorgarlikni o`tmasdan, «leytenant» maxsus unvoni berilgan holda xizmatga qabul qilish uchun asos bo`ladi.