AsosiySUG'DIYONA

Tepkini teptirish kerak?! Irimlarga oydinlik kiritamiz

'Tepkini teptirish kerak?! Irimlarga oydinlik kiritamiz'ning rasmi

Inson joni og`rib turgan mahal har erdan najot izlaydi. Oramizda momolar o`giti, deya, shifo topishga urunadiganlar ham bor. Biroq kutilgan natija o`rniga kishi ahvoli yomonlashib qolishi ham hech gap emas. Xo`sh, kasallikni irimlarga bog`lash to`g`rimi? Bu haqida Sergeli tumanidagi ko`p tarmoqli poliklinika terepevti Zamira HOLBOEVA ma`lumot beradi.

Egizak tuqqan ayol yordam berolmaydi!

Xalq orasida «Tepki» deb nomlanadigan kasallik tibbiyotda epidemik parotit deyiladi. U xuddi gripp singari havo tomchi yo`li orqali yuqadi. Xastalangan bemor vaqtida tibbiy choralar ko`rmasa, ma`lum vaqt o`tgach, asoratlari yuzaga chiqishi mumkin. Negaki, parotit biz o`ylagandek, faqatgina so`lak bezlarini emas, balki o`g`il bolalarda moyaklarni ham zararlashi mumkin. Bordi-yu, davo choralari ko`rilmasa, xastalik kelgusida bepushtlikka sabab bo`ladi.

Odamlar orasida «tepki»ni egizak farzandli ayollarga teptirish odati bor. Bu odatga ko`ra, bemorni ostonaga yotqizib, shishib turgan dahan ostiga oyoq uchi bilan «tepib» qo`yishladi. Lekin tibbiyotda bunday irimlar foydasi aniqlanmagan. Demak, tepki egan «tepki» hech qaerga yo`qolmaydi. Chunki bunda virusga qarshi kurashish kerak. Virusni esa, bilsangiz kerak, tepib, davolab bo`lmaydi.

Govmichchaga ip bog`lanadi

Qovoqlarimizni shishirib, qizartirib, husnimizga soya tashlaydigan govmichchaga ko`pinchi jiddiy qaramaymiz. Odatda, barmoqlarimizga ip bog`lab qo`yib, undan qutilmoqchi bo`lamiz. Ammo bu kabi yaralarga, aslida, yiring paydo qiluvchi mikroorganizmlar sabab bo`ladi. Afsuski, ularni barmoqlarimizdagi ip bilan qo`rqita olmaymiz. Ularga qarshi tibbiy preparatlar zarur. Shuningdek, uni siqib «suvini chiqarish» ham yaxshi fikr emas. Bu ishingiz bilan infeksiyani qonga tushirib, meningit yoki sepsisni orttirib olishingiz mumkin. Buning o`rniga, shifokor tayinlagan surtmalarni surting, gigiena qoidalariga rioya qiling, immunitetingizni mustahkamlang.

Uchuqqa qo`rquv aybdor emas!

Labga uchuq chiqsa, «qo`rqibsan-da» yoki «shamollabsan», deyishadi. Ammo bu immun tizimi sustligidan foydalanib, mudrab yotgan gerpes virusining uyg`onganini bildiradi. Maslahatimiz, bunday uchuqlarni aslo igna bilan yormaslik va unga spirt surtmaslik kerak. Chunki undan chiqqan suyuqlik lab atrofi, yuz, ko`z va tananing boshqa a`zolariga ham tarqalib, infeksiya ko`payishiga olib keladi.

Unga qarshi sarimsoqpiyozni qo`llashingiz mumkin. Sarimsoqpiyoz tarkibida bakteriyalarga qarshi kurashuvchi moddalar bo`lgani uchun infeksiya tarqashining oldini oladi.

Kuydingizmi? G`oz yog`i surtmang!

Kutilmaganda, kuyib qoldingiz-u, momolar usullarini xotirlab, yog` yoki oshxonadagi yana biror masalliqni surtishga shoshildingiz. Ammo negadir kuygan soha lovullab, ahvol yanada yomonlashgandek tuyulyapti. Ha, shoshma-shosharligingiz pand berdi. Axir surtgan yog`ingiz teriga havo kirishini to`sib qo`ygan-da. Issiqlik esa borgan sari tana ichiga kirib ketaveradi. Natijada engil kuyishdan og`iriga qarab, sekin-asta siljiyveradi. Unutmang, agar kuyish engil, ya`ni aylanasi besh santimetrdan ko`p bo`lmasa, uy sharoitida muolaja qilish va birinchi yordam ko`rsatish mumkin. Undan kattasiga shifokorlar yordami zarur bo`ladi.

Xullas, engil kuydingiz, deylik. Shu sohani 15-20 daqiqa davomida oqib turgan sovuq suv tagida ushlab turing. Teri sovishi kerak. Unga na yog`, na krem, na tuxumu qaymoq surta ko`rmang. Zararlangan soha «tinchlangach», unga surtmalar, g`oz yog`i surtish mumkin.

Quloq og`riganida ona suti foydami?

Quloq juda nozik a`zo. Uning bosh miyaga ham ta`siri bor, shu sabab jiddiy e`tiborni talab qiladi. Ayniqsa, bolajonlarda ko`p kuzatiladigan quloq og`rig`i kutilmaganda bezovta qilib, onalarni shoshirib qo`yadi. Buvijonlarimizdan qolgan o`git, ya`ni emizikli onaning suti quloq og`rig`ida kor qiladi. Shifokorlar ham bu usulni qo`llashadi. Ammo bu vaqtinchalik ta`sirga ega bo`lib, uni doimiy qo`llash mumkin emas. Shunday ekan, quloq og`riganda, albatta LORga ko`rinishni qoldirmang.

Peshob malham bo`ladimi?

Bo`g`im yoki suyaklarimiz lat eganda, peshob bog`lashga o`rganganmiz. Biroq bu notug`ri chora ekanini hech o`ylab ko`rganmisiz? Axir bunday vaziyatlarda aslida nima bo`lganini tashqi tarafdan bilish amri mahol. Vaqtida travmatologga murojaat etmaslik zararlangan sohada suv eg`ilishiga turtki bo`lishi mumkin. Aslida peshobli bog`lov suyaklarga emas faqatgina yumshoq to`qimalarga yordam beradi.

Shahlo ShERMUHAMMEDOVA tayyorladi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar