AsosiyJamiyat

Qog`ozda bor-u, amalda yo`q tartib

Yohud jamoat transportlaridagi tibbiyot qutichalari haqida

Jamoat transportida tibbiyot qutichasi bo`lishi shart (mi?)

Yaqinda bir voqeaning guvohi bo`ldim. Keksa ayol yo`nalishli taksiga chiqmoqchi bo`layotganda oyog`i toyib, peshonasini eshikka urib oldi. Qattiq lat edi shekilli, peshonasidan qon sizib chiqa boshladi. Bunday holda yo`lovchiga birinchi tibbiy yordam ko`rsatishi lozim bo`lgan haydovchi esa bemalol mashinasini o`t oldirdi. Jahli chiqqan yo`lovchilardan biri haydovchidan qonni to`xtatish uchun tibbiyot qutichasini berishni so`radi. Lekin haydovchi u boshqarayotgan transportda aptechka yo`qligini aytdi. Aptechka qutlari barcha avtoulovlarda bo`lishi majburiy emasmi?..

                                        Sh.Salimov, Toshkent shahri

ASLIDA TARTIB BOR, AMMO...

Hamkasbimizdan eshitgan bu holat bizni hayron qoldirdi. Sababi, ayni shu masala, ya`ni shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatish uchun transport vositasining salonida bo`lishi shart bo`lgan zarur tibbiy ashyolar ro`yxati bundan uch yil muqaddam O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni Saqlash Vazirligining O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro`yxatdan o`tkazilgan buyrug`i bilan tartibga solinadi. Lekin yuqoridagi kabi holat bu boradagi tartiblar faqatgina qog`ozda ifodasini topganmikan, degan savolga javob topishga undadi. Ana shu sabab biz hamkasbimiz aytgani kabi vaziyatlar haqiqatga qanchalar yaqinligiga oydinlik kiritishga urindik va kichikkina surishtiruv o`tkazdik.

Jurnalistik surishtiruv sari:

NIShONDA “ChORSU” ChORRAHASI: 28-avtobusda ahvol qanday?

Avtobus va yo`nalishli taksilar gavjum bo`ladigan “Chorsu” chorrahasiga yo`l oldik. Bekatda to`xtagan avtobus va marshrutlarga chiqib, biroz aktyorlik qilishga ham to`g`ri keldi. 28-avtobusga chiqib, “Qo`limni urib oldim, juda og`riyapti”, deya haydovchi va chiptachidan bint so`radim. Ikkalasi ham menga hayron bo`lib qarashdi. Xijolat bo`lmasdan “bint yo`q edi-ya”, deya javob berishdi.

115-avtobusda nima gap?

Keyin 115-avtobusga chiqdim va uning haydovchisidan ham bint so`radim. U ham yo`q dedi, kamiga “ukam, hozirgina chiqqan bekatingda dorixonalar tiqilib yotuvdi-ku, o`sha erdan olsang bo`lmaydimi?” deb aql ham o`rgatdi. Men balki “aptechkangiz”da bordir dedim. U esa “aptechka” yo`qligini aytdi.

O`ylanib qoldim, mabodo avtobusda biror yo`lovchi hushidan ketib qolsa, haydovchi “o`rningizdan turing, anavi bekatda dorixona bor” dermikan?

76-avtobus: ensasi qotgan haydovchi

76-yo`nalish bo`ylab qatnaydigan avtobusga chiqqanimda haydovchi dastlab, ichkariroqqa kirishimni so`radi. O`zimni bemorga solib, qo`limni eshikka urib olganimni va juda qattiq og`riyotganini aytdim va undan ham qo`limni bog`lash uchun bint so`radim, haydovchining ensasi qotib, bint yo`qligini aytdi va “orqadan 28-avtobus kelyapti, o`shanda “aptechka” bor”, deya meni tushirib yubordi.

Foyda bermagan “dono” maslahat

Haydovchining “dono” maslahatiga quloq tutib, soxta bemorligimni 28-avtobusda ham qo`lladim ammo u erdan ham najot topolmadim. Shu tarzda uch soat mobaynida yigirmaga yaqin avtobusga chiqib-tushdim, biroq ularning birortasida tibbiyot qutisi yo`qligini aniqladim.

  • Eslatma o`rnida

Yo`l harakati qoidalari to`g`risida”gi Qonunning 23-modda 3-qismi talablariga ko`ra, yo`l-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga ko`rsatiladigan tibbiy yordam yo`l-transport hodisasi sodir bo`lgan joyning o`zida tibbiyot xodimlari etib kelguniga qadar yordam ko`rsatishdan, shuningdek yo`l-transport hodisasi sodir bo`lgan joyning o`zida, davolash-profilaktika muassasasiga olib borilayotganda va davolash-profilaktika muassasasida malakali tibbiy yordam ko`rsatishdan iborat.

Xo`sh, jamoat transport tibbiyot qutichasida nimalar bo`lishi kerak?

Sog`liqni saqlash vazirligining yuqorida nomi keltirilgan buyrug`i bilan tasdiqlangan “Shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatish uchun transport vositasining salonida bo`lishi shart bo`lgan zarur tibbiy ashyolar RO`YXATI” ga asosan B C D kategoriyali avtotransportlarda tashqi qon ketishni vaqtinchalik to`xtatish va jarohatlarga bog`lam qo`yish uchun qon to`xtatuvchi jgut, nosteril hamda steril tibbiy dokali bint, bakterisid hamda rulonli leykoplastirlar bo`lishi shart. Shuningdek, yurak o`pka reanimasiyasi vositalari, ya`ni «og`iz-vosita-og`iz» usulida sun`iy nafas o`tkazish uchun to`siq vositasi hamda ammiak eritmasi — 10% (nashatir spirti), qaychi, tibbiy qo`lqoplar va bularni jamlab qo`yish uchun tibbiyot qutichasi ham ta`minlanishi kerak.

XULOSA

Yuqorida ta`kidlaganimizdek, tegishli me`yoriy hujjat mutasaddi vazirliklar tomonidan 2011 yil 5 iyulda tasdiqlangan. Mazkur hujjat talablariga ko`ra, yaroqlilik muddati o`tgan va o`ramiga zarar etgan dori vositalari hamda tibbiy ashyolar qo`llanilishi albatta taqiqlanadi. Shuningdek, tibbiyot qutichasi ham oson olinadigan joyda bo`lishi lozimligi belgilab qo`yilgan.

Ammo uning ijrosiga o`tishda nima xalaqit beryapti? Aslida guvohi bo`lganingizdek, tibbiyot qutichasida hattoki yurak o`pka reanimasiyasi vositalari ham bo`lishi kerak ekan. Lekin kuzatuvlarimiz natijasida transport vositalarida oddiygina bintning yo`qligi aniqlandi. Ehtimol, jamoat transporti mutasaddilari bu masalaga ham alohida jiddiy e`tibor berishar? Biz esa jarayonni kuzatamiz va jamoat transportlarida tibbiyot qutilari mavjudligini ta`minlashda zaruriy choralar ko`rilishini kutib qolamiz.

Feruz MAMATOV tayyorladi

    Boshqa yangiliklar