AsosiySport

Rasman: Superliganing boshlanish kuni ma`lum qilindi

'Rasman: Superliganing boshlanish kuni ma`lum qilindi'ning rasmi

O`zbekiston Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsumga jiddiy hozirlik ko`rmoqda.

Ayni vaqtda PFL bosh liga homiylari, shuningdek, bir qator sug`urta kompaniyalari, translyasiya masalalari yuzasidan manfaatli kelishuvlar bo`yicha ish olib bormoqda. Bu haqda PFL matbuot xizmati xabar bermoqda.

PFL komissiyasi 19 fevraldan boshlab futbol klublarini yakuniy tekshiruvdan o`tkazadi hamda hafta yakunida Superligada to`p suradigan klublar nomiga oydinlik kiritib oladi. 25 fevral kuni esa Superliganing yangi mavsumi uchun qur`a tashlash marosimi bo`lib o`tadi. 8 mart sanasidan esa chempionat start oladi.

Mart oyidagi FIFA kunlari, shuningdek, O`zbekiston olimpiya terma jamoasining Tokio-2020 yo`lidagi saralash uchrashuvlari tufayli klublar 29 martdan boshlab 2-tur uchrashuvlarini o`tkazadi. Bunga qadar sara futbolchilar argentinalik hamda serbiyalik terma murabbiylari ixtiyorida bo`ladi. FIFA kunlari davom etayotgan bir vaqtda PFL kubogi bellashuvlari bo`lib o`tadi. Mazkur kubokda g`olib chiqqan jamoaga "A" Pro-ligasi uchun imtiyozli yo`llanma taqdim etish rejalashtirilgan.

PFL 2019 yilgi mavsumda format qanday bo`lishini 12 ta klubga moslab tuzib chiqqandi. Ammo yuqorida ko`rsatilgan muddatlarga qadar klublar ishlarini yakunlab ulgurishmasa, ular avtomatik ravishda bitta quyi ligaga tushiriladi. Jamoaning xalqaro maydonda ishtirok etishi yoki sovrinli o`rinlar uchun kurashish qudratiga ega ekaniga emas, lisenziyalash talablarining bajarilishiga birinchi galda e`tibor qaratiladi.

Ma`lumot uchun, fevral oyining so`nggi kunida PFL vakillari OFK komissiyasi bilan uchrashish uchun Kualama-Lumpurga yo`l oladi. Bunda lisenziyalash talablari, ulardagi barcha jihatlar OFK vakillari bilan muhokama qilinadi. Aynan 2019 yildan boshlab O`FA klublarga qo`yilayotgan talablarni oshirgan bo`lib, bunda tashkilot Yaponiya tanlab olgan yo`ldan yurishga qaror qilgan. Ya`ni, milliy lisenziyalash talablariga javob bera oladigan klublar OFK lisenziyalash komissiyasi talablariga hech bir qiyinchiliksiz mos kelishi shart.

Shu yilning 1 may kuniga qadar esa barcha futbol klublari uchun 2020 yilgi mavsum talablari aks etgan reglament rasman taqdim etiladi. Klublar yil davomida shuning ustida ishlashi kerak bo`ladi. 31 oktyabr kuni esa PFL lisenziyalash jarayonini yakunlaydi. Mazkur muddatdan bir kun kech qolgan jamoalarning arizasi qabul qilinmaydi. Ya`ni, 2020 yil uchun qadam noyabr oyi boshlanmay turiboq qo`yiladi.

Professional futbol ligasi qur`a va chempionat starti kabi marosimlar sanasi ochiqlanishi biroz kechikkani uchun futbol muxlislaridan uzr so`raydi. Shuningdek, davlat korxonalari berayotgan tayyor pulga jamoa tuzayotgan klub rahbarlarini o`z ishiga mas`uliyat bilan yondoshishga chaqiradi.

    Boshqa yangiliklar