1

Cotton Campaign O`zbek paxtasiga "boykot"ni bekor qilishi mumkin

Iqtisodiyot 18.02.2019, 20:19
Cotton Campaign O`zbek paxtasiga "boykot"ni bekor qilishi mumkin

Joriy yilning 4 fevral kuni Bosh vazir o`rinbosari Tanzila Norboeva boshchiligida Vashingtonga ishchi tashrifi bilan borgan delegasiya O`zbekiston to`qimachilik mahsulotlariga qarshi “boykot” tashabbuschisi Cotton Campaign xalqaro koalisiyaning yig`ilishida ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Yig`ilishda huquqni muhofaza qilish tashkilotlari, ishlab chiqaruvchilar uyushmalari, riteylerlar va AQSh kasaba uyushma tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.

Cotton Campaign tarixida ilk bor delegasiya vakillarining ishtiroki O`zbekiston Hukumatining inson huquqlari sohasidagi eng nozik masalalar bo`yicha dialog va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligi sifatida baholangan.

Paxta kampaniyasining asoschisi Bennet Freeman uchrashuvni ochib, O`zbekiston tarixiy ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirayotganini va mamlakatda tizimli majburiy mehnatni yo`qotish borasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilayotganini ta`kidladi.

“O`zbekiston hukumati o`n yilliklar davomida avj olgan majburiy mehnatni tugatish majburiyatini olgani bizni ruhlantiradi va biz hozirgi kunga qadar amalga oshirilmaydigan bu tarixiy vazifaning ko`p jihatlariga e`tibor qaratmoqdamiz”, dedi Bennet Freeman.

Yig`ilish qatnashchilariga O`zbekiston qonunchiligidagi so`nggi o`zgarishlar va majburiy mehnatning oldini olish va butunlay yo`q qilish bo`yicha amaliy choralar, fermerlarning ixtiyoriy mehnatini rag`batlantirish va fermerlikni qo`llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish, agrosanoat majmuini isloh qilish, agrosanoatni rivojlantirish va paxtachilik jarayonlarini mexanizasiyalash bo`yicha batafsil ma`lumot berildi.

Shuningdek, ular majburiy mehnatni oldini olish, bozorga asoslangan paxta ishlab chiqarish mexanizmlariga o`tish va to`qimachilik sanoatida standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish bo`yicha institusional tizimni va ma`muriy mexanizmlarni kuchaytirish bo`yicha rejalar alohida qayd etildi.

Uchrashuv ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan qonunlar va hukumat qarorlarining hududiy darajada samarali tatbiq etilishi, paxta terimiga noqonuniy jalb qilish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan o`zaro aloqalarni kuchaytirish va kasaba uyushma harakatlarini mustahkamlash masalalari alohida muhokama qilindi.

Munozara kun tartibidagi eng asosiy mavzulardan biri “paxta boykot”ini to`xtatish masalasi edi.

Uchrashuvda to`qimachilik tovarlari va brendlari bo`yicha tegishli hartiyaning doimiy emasligi va u davomiy o`zgarishlar dinamikasi va islohotlarida uning qayta ko`rib chiqilishi mumkinligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan koalisiya vakillari 2019 yilgi paxta mavsumida o`sishga erishishning muhimligini ta`kidladi.

Umuman olganda, Cotton Campaign vakillari maslahatlashuvlarni konstruktiv, deb ta`riflagan va kelgusida ochiq muloqot va samarali hamkorlikning amaliyotini davom ettirilishiga umid bildirgan.

“Muzokaralarimiz jiddiy, konstruktiv va ijobiy bo`lib, so`nggi yutuqlar va asosiy bartaraf etish lozim bo`lgan muammolarga qaratildi”, dedi Koalisiya rahbari Bennet Freeman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1