Surxondaryo viloyati Angor tumanida istiqomat qiluvchi haydovchi qarindoshlarini Termiz shahriga olib borish niyatida Lacetti rusumidagi avtomobilda yo`lga tushdi. Bu haqda O`zbekiston Ichki ishlar vazirligining «Postda» gazetasi xabar bermoqda.
Xuddi shu kuni sherobodlik ayol qizi va ammasi bilan tuman markazidagi bozordan kerakli narsalarni xarid qilgach, Matiz avtomashinasida uy tomon yo`lga chiqdi. Sherobod — Angor yo`nalishida harakatlanayotgan ayol bozorda charchadimi, o`z boshqaruvidagi avtomobilni qarama-qarshi yo`nalishda haydab ketdi.
Katta tezlikda Lacetti haydab kelayotgan angorlik to`g`ridan kelayotgan Matiz avtomobilini ko`rib esankirab qoldi va tormozni bosish o`rniga rulni chapga burdi. Natijada Lacetti o`z yo`nalishiga o`tib olgan Matiz avtomobiliga urildi.
Avtohalokat natijasida Matiz ichida bo`lgan yo`lovchi ayol (haydovchining ammasi) olgan jarohati tufayli hayotdan ko`z yumdi. Matiz avtomobilini boshqargan ayolning o`zi esa ertasi kuni Angor tumanidagi shifoxonada jon berdi. Qolganlar ham turli darajada tan jarohati oldi.
«Surishtiruv natijasida Lacetti haydovchisi o`z aybini tan oldi, — dedi Surxondaryo viloyati IIB tergov boshqarmasi bo`linma boshlig`i, katta leytenant Obid G`oyibqulov. — O`sha vaziyatda mashinani boshqarib kelayotgan (Lacetti) haydovchisi rulni chap tomonga burmay, tormozni bosganida ikki kishining umriga zomin bo`lmasdi. U shoshqaloqlik qilib, qarindoshlarni manzilga tezda eltib qo`yish niyatida tezlikni belgilanganidan oshirib yuborgan. Bu yo`l-transport hodisasida Matiz haydovchisining ham aybi bor. U har qanday sharoitda ham qarama-qarshi tomonga chiqib ketmasligi kerak edi».