AsosiySport

Ovora bo`lmang, isbotlay olmaysiz: kelishilgan o`yinlar haqida

So`nggi vaqtlarda futbolga ixtisoslashgan barcha OAVda futbolimizdagi kelishilgan o`yinlar haqida so`z yuritilmoqda. Bilasizmi, ilgari hamkasblarimiz bu haqida bemalol gapira olishmasdi. Ammo shaxsan Yurtboshimiz tomonidan OAVning so`z erkinligiga e`tibor qaratilgach, jurnalistlar o`z fikrlarini bemalol bildira oladigan darajaga chiqishdi. Xususan, futbol sohasida qalam tebratayotgan jurnalistlar bu borada ancha jiddiy qadam tashlashmoqda.

Baribir haqiqat qaror topadi!
Qizig`i, OAV xodimlari qanchalik bemalol kelishilgan o`yinlar haqida fikr-mulohazalar bildirayotgan bo`lsa, mutasaddilar shunchalik bemalol buni inkor qilib kelishmoqda. Ayrimlari isboting bo`lsa, tegishli idoralarga murojaat bilan chiq, desa, boshqalari mani vijdonim pok, hammasini Xudo ko`rib turibdi, deya o`zini oqlamoqda. Yana kimlardir, nimadir borki, bu haqida gapirilmoqda, deb vaziyatga xolis baho berishga harakat qilmoqda. Lekin mutasaddilar orasida baribir O`zbekistonda kelishilgan o`yinlar yo`q deydiganlar ko`pchilikni tashkil qilayotgani qaysidir ma`noda achinarli holat! Negaki, ular ko`pchilik ekan, bizning qo`limizdan hech narsa kelmaydi. Xalqimizda yaxshi bir naql bor: birlashga o`zar, birlashmagan to`zar! Ular aynan shu naqlga amal qilib kelishmoqda. Aksincha, agar OAV bunday maqolalar bilan chiqish qilaversa, yakunda o`zi aybdor bo`lib qolishi mumkin. To`g`ri, biz bu bilan to`xtab qolmaymiz, hukumatimiz darajasida tekshiruvlar olib borilishini kutib qolamiz, nasib qilsa, shunday ham bo`ladi. Shunda ko`ramiz, kim aybdor ekanligini: jurnalistlarmi yoki bugungi kun qahramonlari bo`lgan futbolimiz mutasaddilarimi?! Haqiqat shuki, baribir bir kun haqiqat qaror topadi.

Shu erda muxlislar o`rtasida tushunmovchilikga sabab bo`layotgan ayrim holatlarga izoh bermoqchimiz. Aksar ishqibozlar kelishilgan o`yinlari haqida eshitishsa yoki o`qishsa, bizning klub moliyaviy tomondan qiynalib turibdiku, raqib jamoani sotib olishga qurbi etarmidi, degan fikrlarni ilgari surishmoqda. To`g`ri, sotib ololmaydi, agar bunga qurbi etganida jamoadagi futbolchilarga oylik maosh va mukofot pullarini berardi. Shuning uchun bizda so`nggi vaqtlarda kelishuvning boshqacha usullari rivojlanganga o`xshaydi. Ya`ni, uchga-uch, aniqrog`i, har ikkala jamoa ham o`z uyida, muxlislari ko`z o`ngida g`alaba qozonadigan bellashuvlarda raqiblar to`plar nisbatini kelishib olishadi. Bellashuvda gollar ko`p bo`lishi mumkin, ammo urilgan va o`tkazib yuborilgan gollar orasidagi farq bitta yoki ikkitani tashkil qiladi. Balki undan ham ko`p bo`lar, bu ularning kelishuviga bog`liq. Lekin odatiy kelishuvlar to`plar nisbati bittadan oshmaydi. Buni birinchi davradagi o`yin orqali bilib olsa bo`ladi. Chunki odatda kelishilgan o`yinlar haqidagi gap-so`zlar ikkinchi davralagi bellashuvlar davomida urchib ketadi. Sababi, birinchidan, mavsum avvalida deyarli barcha klublarda pul bo`ladi. Shuning uchun pul haqida jiddiy bosh qotirishmaydi. Hamma yangi mavsum mazasi bilan to`p tepayotgan bo`ladi. Ikkinchidan, u vaqtlarda jamoalar qanday kelishuvga erishganini bilish mushkul, ayrim hollarda klubda faoliyat ko`rsatadiganlar aytib qo`yishmasa, buni bila olmaysiz. Uchinchidan, ikkinchi bosqichda o`zaro o`yinlardagi to`plar nisbatini bilish orqali jamoalar o`yinni kelishgan-kelishmaganini taxmin qilish imkoniyatiga ega bo`lasiz.

So`zimizda davom etadigan bo`lsak. Jamoalar to`plar nisbatini kelishib olgach, hozir butun dunyoda pul topishning eng oson usuli sifatida juda urfga kirgan totalizator degan illatga pul tikishadi. Kim qancha pul tikishi o`zining cho`ntagiga havola. Asosiysi, uchrashuvda nechta gol kiritilishi kelishib bo`lingan. Ikkala jamoa ham bunga rozi. Birinchi davrada darvozalar kamroq ishg`ol qilingan bo`lishi mumkin, lekin javob bahsiga bunga ahamiyat qaratib o`tirishmaydi. Keraklisi, to`plar nisbatidagi farq o`zgarmasa bo`ldi, shunda kelishuvni hech bir taraf buzmagan bo`ladi. Biz muxlislarga tushuntirmoqchi bo`lganimiz shuki, shu tariqa kelishuv amalga oshadi. Shu tariqa dunyoning mana-man degan jamoalari gol ura olmaydigan stadionlarda muxlislar gollar shousini ko`rishadi. Uchrashuvdan keyin OAV xodimlari bilan uchrashgan murabbiylar bugun undan ham ko`proq gol urilishi mumkin edi, degan fikrlarni ilgari surishadi. Ha, haqiqatdan ham shunday bo`lishi mumkin. Chunki totalizator degan illatda o`yinda kiritiladigan barcha gollar uchun ham pul tikish mumkin. Odatda o`yinda darvozalar 7 yoki 9 marta ishg`ol etilishiga hech kim ishonmaydi. Oqibatda stavka oshib ketadi. Ayniqsa, bellashuvning so`nggi daqiqalari ular uchun juda muhim. Boisi, o`yinda nechta gol urilishini o`zlaridan boshqa hech kim bilmaydigan jamoalar aksar gollarni so`nggi daqiqalarga olib qo`yishadi. Bu vaqtga kelib stavkalar yanada oshib ketgan bo`ladi. Aytganimizdek, bahs yakunlanishiga 5 daqiqa qolganida 4:3 hisobini 5:4ga yoki 3:4ni 5:4ga aylanishiga ishonasizmi? Bunga ko`pchilik ishonmasligi ayni haqiqat. Oqibatda pul tikadi, pul tikkanlarning soni oshib ketadi. Tabiiyki, stavkalar ham ko`tariladi, lekin natija o`zgarib ketadi. Boisi, buni jamoalar allaqachon hal qilib ulgurgan bo`ladi. Natijada o`yin taqdirini o`zaro kelishuvga ko`ra hal qilgan jamoalar pul tikish orqali yaxshigina summaga ega bo`ladi. Aytgancha, so`nggi daqiqalarda hisob o`zgaravermasa hakamlar yordamga chaqiriladi. Ularga vaziyat tushuntirilib, xursand qilinadi. Odatda bu o`yindan avval amalga oshiriladi.

Ko`ryapsizmi, bu erda hech bir jamoa bir-birini sotib olmaydi. Shunchaki, kelishuvga erishishadi. Natijada jamoalar yaxshigina summaga ega bo`lib olishadi. Albatta, tayyor pul kimga kerak emas?! Qolaversa, rahbariyat oylik-maosh-u, mukofot pullarini vaqtida bermayotgan bo`lsa?! Rahbariyatdan pul ololmayotgan murabbiylar shogirdlari bilan shu tartibda ishlaydi, topilgan pul taqsimlanadi. Kerak bo`lsa, shogirdlarini yaxshi liboslar bilan kiyintirib ham qo`yadi. Shunda kim qahramonga aylanadi? Rasmiy tomondan bir necha oydan beri maosh va mukofot puli olmayotgan bo`lsa-da, shogirdlari bilan yaxshi natijalarga erishayotgan mutaxassislarmi?
Jamoa puli bo`lmasa-da, chempionatda yaxshi natijalarni qayd etsa, bundan muxlislar ham xursand. Tabiiyki, ular ham o`z suyuklilarini qahramonga chiqarishadi, ularni tanqid toshlaridan himoya qilishga tushib ketishadi. Sodiq ishqibozlar hech qachon jamoasining g`alabasiga shubha qilmaydi. Demak, yana aybdor, OAV! Biz o`zimizni oqlamoqchi emasmiz! Hamma bir kun qilgan ishiga albatta javob beradi. O`shanda kim qahramon-u, kim yolg`onchi ekanligi ma`lum bo`ladi. Biz buni kutib qolamiz. Shunchaki, mutaxassislarimiz OAVni aybdor qilib kelayotgan bir kunda biz kabi futbolimizning ishqibozlari bo`lgan aziz muxlislarni hamkasblarimizga ishonishlarini so`rab qolardik!

Furqatbek Nishonov

    Boshqa yangiliklar