Yulduz Usmonova bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda uning bitish arafasida bo`lgan yangi albomi haqida suhbat qurildi, deb xabar bermoqda «Sayyod».
Nashrda qayd etilishicha, yangi albomdan turfa his va mavzular kuylangan, grekcha yo`nalishdagi raqsga chorlaydigan qo`shiqlar o`rin olgan.
Yulduz Usmonova «Sevaman deb shivirlasang bas» deya kuylanadigan qo`shiq haqida fikr bildirar ekan, u xonandaga eski Toshkentni yodga solayotganini aytib o`tdi: «Bu qo`shiqdan eski Toshkent ko`z oldimdan o`tyapti… Bu eski Toshkentni sog`indim degani emas, o`sha davrlar ruhiyatini his qilib, yoqimli sog`inch… tomog`imga nimadir tiqildi va ko`zimga yosh kelyapti. Odam tebranib tinglaydigan qo`shiqlarni sog`indi… Bunday yo`nalishlar yo`q bo`lib ketyapti. Yangi albomimdan shunday qo`shiq ham joy olgan».
Yulduz Usmonova suhbat davomida albom yozilishi bilan bog`liq studiyadan studiyaga ko`chish mashaqqatlari haqida so`z yuritdi. Shuningdek, xonanda soch olishni bilmaydigan sartaroshxonalar ko`payayotgani singari studiyalar soni ham ortib borayotganini ta`kidladi.
Yulduz Usmonova bilan bo`lib o`tgan suhbatning videolavhasi ertaga, 14 noyabr kuni «Sayyod» tomonidan taqdim etiladi.





