Bugun, 4 mart kuni Milliy Olimpiya qo`mitasida Elena Isinbaeva ishtirokida matbuot-anjumani o`tkazilganidan so`ng MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov rossiyalik sportchini qabul qildi.
O`zaro suhbat chog`ida mehmon kelajakda hamkorlikda ishlashga tayyor ekani va yurtimizda engil atletikaning rivojlantirish borasida o`zining qimmatli maslahatlarini berdi.
"To`g`risi, kutganimdan ham yaxshi taassurotdaman. Mamlakat prezidentining shaxsan o`zi ommaviy sportni rivojlantirishga katta e`tibor qaratayotgani bu kelajak uchun katta yutuq. Rivojlanish shu zayilda bo`lsa, aminmanki, o`zbekistonlik sportchilar yaqin yillar ichida jahonda g`oliblikka asosiy da`vogarlar qatorida bo`ladi", – deydi Elena Isinbaeva.
Shuningdek, MOQ bosh kotibi Jasur Matchanov suhbat davomida O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan islohotlar haqida mehmonga gapirib berdi.
Suhbat yakuniga etgach, faxriy mehmon MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaziga ham tashrif buyurib, u erdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.