Tonggi soat 7.00dan boshlab ishtirokchilar poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasi oldida to`planishdi. Soat 8.15da esa qatnashchilar start zonasiga yig`ildi. Toshkent I xalqaro yarim marafonining tantanali ochilish marosimi soat 8.40da bo`lib o`tdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shundan so`ng soat 9.00da 21 kilometr masofaga yugurishga start berildi. 5 kilometr masofaga yugurish qatnashchilari esa soat 9.10da o`z ishtirokini boshlashdi. Har ikki masofada ham ishtirokchilar Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy yodgorlik majmuasi oldidan start oldi va marra chizig`i ham aynan shu manzil etib belgilangan.

Boshqa ishtirokchilar bilan birga O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari Aziz Abdulhakimov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, vazirning birinchi o`rinbosari Oybek Qosimov va boshqa vazirliklarning rahbarlari ham yugurishdi.


Ishtirokchilar Afrosiyob, Nukus, Abdulla Qodiriy, Mustaqillik shoh ko`chalari bo`ylab metroning Buyuk ipak yo`li bekatiga, keyin Mirzo Ulug`bek, Taraqqiyot ko`chalari orqali Amir Temur maydoni, O`zbekiston ko`chasi, Mustaqillik maydoni, Abdulla Qodiriy va Abay ko`chalari bo`ylab yugurib o`tishdi.






