Mobil qurilmalarni hisobga olish tizimi 2019 yilning 1 aprelidan ishga tushiriladi. O`zbekistondagi barcha GSM-operatorlari tarmoqlaridan foydalanuvchi barcha mobil qurilmalar avtomatik tarzda ro`yxatga olinadi.
Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarni rivojlantirish Vazirligining Aloqa tarixi muzeyida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida batafsil ma`lumot berildi.
O`zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni ro`yxatga olish tizimining operatori sifatida “O`zbekiston telekommunikasiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” Davlat unitar korxonasi belgilangan. Mazkur korxona negizida mobil qurilmalarni hisobga olish va ro`yxatdan o`tkazish tizimi o`rnatildi. Ushbu tizim O`zbekiston Respublikasining barcha GSM-operatorlari tarmog`iga ulangan, bu ular o`rtasida “onlayn” rejimida o`zaro ma`ulumot almashish imkonini beradi.
Qurilmani avtomatik ro`yxatdan o`tkazganlik uchun haq olinmaydi.
Mahalliy GSM-operatorlar tarmog`ida o`zining mobil qurilmasidan foydalanayotgan abonentlardan ularga tegishli qurilmani ro`yxatdan o`tkazish uchun hech qanday harakat va xarajat talab etilmaydi. Barcha ishlar ro`yxatga olish tizimi va aloqa operatorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Hisobga olish va qurilmani ro`yxatdan o`tkazish quyidagilardan foydalanishni cheklashga imkon beradi:
1) kontrafakt qurilmalar (ya`ni IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan);
2) o`g`irlangan yoki yo`qotganligi bois “qora ro`yxat”ga kirib qolgan qurilmalar;
3) bojxona nazoratidan o`tmagan qurilmalar.
Telefon sotib olishdan avval qurilma IMEI-kodi maqomi to`g`riligini – UZIMEI.UZ tizimining rasmiy saytida tekshirib olish tavsiya etiladi. Agar telefon yoki planshet kontrafakt bo`lsa yoxud o`g`irlangan yo yo`qolgan bo`lsa uni ishlatib bo`lmaydi.
O`g`irlangan yoki yo`qolgan telefonlarni ishlatish cheklanadi
Hozirgi paytda GSMA bazasiga 43 mamlakatning 118 ta mobil operatori ulangan. Belgiya, Chili, Kosta-Rika, Kipr, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gana, Vengriya, Irlandiya, Italiya, Malta, Norvegiya, Portugaliya,JAR, Shvesiya, Buyuk Britaniya, Venesuela shular jumlasidandir. GSMA bilan axborot almashinuvi boshqa mamlakatlar hududida o`g`irlangan yoki yo`qolgan qurilmalarning O`zbekistonda, yurtimizda yo`qolib “qora ro`yhati”ga kiritilgan qurilmalarning esa chet elga olib ketib ishlatilishiga imkon bermaydi.
Timur MAShANPIN, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarni rivojlantirish Vazirligi boshqarma boshlig`i:
– Bugungi kunda mamlakatimizda 22 milliondan ziyod mobil aloqa abonentlari, shuningdek, 16 milliondan ko`proq mobil internet foydalanuvchilari mavjud. Yangi tizim ularning iste`molchilik huquqlari va xavfsizligini ta`minlashga yordam beradi.
Sotib olinadigan telefon yoki boshqa aloqa vositasi original bo`lsa mijozlarga etib kelguncha eksportyorlar tomonidan ro`yxatdan o`tkazilgan bo`ladi. Ularning har biri boshqa qurilmada takrorlanmaydigan 15 ta raqamli IMEI-kodga ega. Mahsulotni sotib olishdan avval rasmiy veb-saytdan yoki 1170 qisqa raqam orqali tekshirish tavsiya etiladi. Bu tizim xalqaro bo`lib, o`zimizda yoki xorijdan o`g`irlab keltirilgan mobil qurilmalar (agar ular “qora ro`yxatga” kiritilgan bo`lsa) va kontrafakt mahsulotlar bizda ishlamaydi. Yo`qolgan telelefon haqida IIBga ariza bilan murojaat etilganidan so`ng qurilma “qora ro`yxatga” kiritiladi. Tizim yordamida identifikasion kodi mos kelmaygan soxta mahsulotlar aniqlanib, savdodan chiqariladi, o`g`irlangan telefonlar egasiga qaytariladi.
Hisobga olishning afzalliklari
Mobil terminallarni hisobga olish nazoratining afzalligi shundaki, kelgusida o`g`irlangan aloqa vositalari bilan bog`liq jinoyatlarning oldini olish hamda fosh qilish birmuncha osonlashadi. Shuningdek O`zbekiston Respublikasiga noqonuniy, kontrabanda yo`li bilan abonent qurilmalari olib kelinishi cheklanadi. Xaridorlar uchun aloqa vositasini sotib olish paytida uning maqomini tekshirishga, mahsulot sifati kafolatliligini bilib olishga imkon yaratiladi. Kontrabanda va kontrafakt abonent qurilmalarining noqonuniy savdosini cheklash hisobiga telekommunikasiya bozorida sog`lom raqobat rivojlanadi.
Manzura BEKJONOVA