1

O`zbekistonda yoshlar kino san`ati asoslarini bepul o`rganishi uchun imkon yaratildi

Madaniyat 04.04.2019, 12:31
O`zbekistonda yoshlar kino san`ati asoslarini bepul o`rganishi uchun imkon yaratildi

Yosh kinoijodkorlar kengashi Art house ta`lim loyihasining ikkinchi mavsumiga start berilgani ma`lum qilindi.

Ushbu bepul loyiha Yoshlar ittifoqi, «O`zbekkino» milliy agentligi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi ko`magi bilan Yosh kinoijodkorlar kengashi tomonidan tashkil etilmoqda. Uning doirasida 30 yoshgacha bo`lgan yigit-qizlar o`z sohasining ustalari – mashhur rejissyor, ssenarist, aktyor va operatorlardan kino asoslarini o`rganish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Art house’ning ikkinchi mavsumida rejissyorlar Ali Hamroev, Qamara Kamalova va Jasur Ishoqovlar yoshlarga ustozlik qilib, rejissura va dramaturgiyadan saboq beradi. Alisher Uzoqov, Ra`no Shodieva va Dilnoza Kubaeva aktyorlik mahorati, Hamidulla Hasanov va Yodgor Nosirov operatorlik ishi bo`yicha dars o`tadi. Shuningdek, grim san`ati, rassom asarlari va ikkinchi rejissyorlik yo`nalishlarini o`rganish uchun alohida kurs ochiladi.

Art house’ning 2018 yil davomida o`tgan birinchi mavsumi juda samarali bo`lgan. Yolqin To`ychiev, Jahongir Qosimov, Ayub Shahobiddinov va Rashid Malikov singari taniqli kinoijodkorlar rahbarligida o`tkazilgan to`rt kurs davomida o`z hayotini san`atning ushbu turi bilan bog`lashga qaror qilgan 59 nafar yoshlar tahsil olgan. Ular rejissura, dramaturgiya, aktyorlik mahorati va operatorlik bo`yicha kerakli bilim va ko`nikmalarga ega bo`lgan. Ularga aktyorlar Karim Mirhodiev va Dilmurod Masaidov, O`zbekiston Xalq yozuvchisi, taniqli kinodramaturg Erkin A`zamov, operatorlar Jasur Shametov, Aziz Arziqulov, Hamidulla Hasanov singari o`z kasbining mohir ustalari bo`lgan insonlar saboq bergan.

Birinchi mavsumning ikki nafar bitiruvchisi 4-Xalqaro PROlogue kinofestivalida o`z qisqa metrajli filmlari bilan asosiy konkursda ishtirok etgan. Ayub Shahobiddinov kursidan Mahliyo Asqaralievaning «Qush» nomli filmi va Rashid Malikovning shogirdi Gulnora Ivanovaning «Fontan» kartinasi kinofestivalning xalqaro hay`ati tomonidan yuksak e`tirofga sazovor bo`lgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1