Markaziy saylov komissiyasi hamda O`zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo`mitasi o`rtasida o`zaro hamkorlik to`g`risida kelishuv imzolandi. Mazkur kelishuv Markaziy saylov komissiyasining Xotin-qizlar qo`mitasi bilan xotin-qizlarning mamlakatimizda o`tkaziladigan saylovlarda ishtirok etishda konstitusion huquqlaridan foydalanishini ta`minlash maqsadida o`zaro hamkorlik takomillashtirilishini ko`zda tutadi.
Ta`kidlanganidek, joriy yilning dekabr oyida mamlakatimiz Parlamentiga, mahalliy hokimiyat vakillik organlariga o`tkaziladigan saylovlarga tayyorgarlik xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi ortib borayotgan sharoitda o`tkazilmoqda. Shu nuqtai nazardan, xotin-qizlarning elektoral faolligini oshirish, xotin-qizlar safidan deputatlikka nomzodlar zaxirasini shakllantirish bo`yicha ishlarni takomillashtirish, shuningdek, ularni mazkur zaxiraga kiritishga tayyorlash, xotin-qizlar qo`mitalari mas`ul xodimlarining saylov qonunchiligidan xabardorligi va huquqiy savodxonligi darajasini oshirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Kelishuv saylov qonunchiligiga oid huquqni qo`llash amaliyotini birgalikda tahlil qilish, saylovlarni o`tkazishda xotin-qizlarning siyosiy faolligini ta`minlash bilan bog`liq muammolarni o`rganish hamda ularning saylov huquqlarini kengaytirishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish doirasida amalga oshiriladi. Shuningdek, ayollarning siyosiy faolligini oshirish masalalari bo`yicha qo`shma forumlar o`tkazish, tahliliy axborot-ma`lumotnoma materiallar va uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish hamda chop etish, xotin-qizlar o`rtasida saylov to`g`risidagi bilimlari va o`zlarining saylov huquqlarini himoya eta olishni shakllantirishga ko`mak berish maqsadida huquqiy tushuntirish ishlarini olib borish nazarda tutilmoqda.
O`z navbatida, xotin-qizlar qo`mitalari raislari va mutaxassislariga saylov jarayoni sohasidagi huquqiy ta`lim berish bilan birga deputatlikka nomzod ayollar uchun saylov tartib-taomillari, huquqiy madaniyati va ularning etakchilik xislatlarini oshirishga qaratilgan turli huquqiy ta`lim tadbirlarini tashkil etishga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Kelishuv O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov va O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirning o`rinbosari, Xotin-qizlar qo`mitasi raisi T.Norboeva tomonidan imzolandi.
Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati