O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 16 aprel kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo`lib turgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi tashqi ishlar vazirining o`rinbosari Alan Dunkanni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, keyingi yillarda O`zbekiston va Buyuk Britaniya o`rtasidagi ko`p qirrali munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
O`z navbatida, tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Alan Dunkan mehmondo`stlik uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirib, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Tereza Meyning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.
Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari O`zbekistonda ijtimoiy hayotning barcha sohalarini qamrab olgan keng ko`lamli islohot va yangilanishlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta`kidladi.
Bugungi kunda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalar faol davom ettirilmoqda, savdo-iqtisodiyot, investisiya, innovasiya va bank-moliya sohalarida hamkorlik kengaymoqda. 2018 yil yakunlariga ko`ra, o`zaro savdo hajmida keyingi 10 yildagi eng yuqori o`sish ko`rsatkichi qayd etildi.
Joriy yil fevral oyida Toshkent shahrida Buyuk Britaniyaning etakchi kompaniyalari ishtirokida Savdo va sanoat bo`yicha O`zbekiston – Britaniya kengashining navbatdagi yig`ilishi samarali o`tdi.
Madaniy-gumanitar, ta`lim va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda. Mamlakatimizda Xalqaro Vestminster universiteti va Britaniya Kengashining vakolatxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, Britaniyaning to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarini, ilg`or tajriba va texnologiyalarini jalb qilgan holda, qo`shma loyihalarni amalga oshirishga ko`maklashishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Markaziy Osiyoda yaxshi qo`shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, Afg`onistondagi vaziyatni tez fursatda tinch yo`l bilan hal etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv so`nggida O`zbekiston va Buyuk Britaniyaning mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida intilishlari qat`iy ekani alohida ta`kidlandi.