AsosiySiyosat

O`zbekistonda Janubiy Koreya biznesi uchun eng qulay sharoitlar yaratiladi

'O`zbekistonda Janubiy Koreya biznesi uchun eng qulay sharoitlar yaratiladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev va Prezident Mun Chje In O`zbekiston – Janubiy Koreya biznes-forumining ochilish marosimida ishtirok etdi.

O`zbekiston bilan Janubiy Koreya ishonchli va uzoq muddatli investisiyaviy hamkorlardir. Mamlakatimiz iqtisodiyotidagi Koreya investisiyalarining umumiy hajmi 7 milliard dollardan oshgan. Koreya milliy neft korporasiyasi, Eksimbanki, “Kogas”, «Lotte group», «Samsung», «Hundai», «Shindong resources» va boshqa ko`plab etakchi kompaniyalari yurtimizda ustuvor investisiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari Ko`ksaroyda o`tgan muzokaralarda ishbilarmonlik aloqalarini qo`llab-quvvatlash, ayniqsa, o`rta va kichik biznesni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilganini ta`kidladi.

- Bugun O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohot va o`zgarishlar ulkan g`oya va loyihalarni hayotga dadil joriy etish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. O`tgan yili mamlakatimizda yangi qo`shma korxonalar soni 3 barobar ko`paydi. Ularning orasida Koreya kapitali ishtirokida tashkil etilgan 160 ta korxona mavjud. Biz bundan buyon ham Koreya biznesining mamlakatimizdagi ishtirokini kengaytirish uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga tayyormiz, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Koreya Respublikasi Prezidenti O`zbekiston azaldan savdo, ilm-fan, madaniyat markazi bo`lgani, bugungi kunda ham biznes uchun keng imkoniyatlar ochilayotganini qayd etdi. Janubiy Koreya O`zbekistondagi investisiyaviy loyihalarni qo`llab-quvvatlash, ilg`or tajribalar bilan o`rtoqlashishga tayyor ekanini bildirdi.

«O`zekspomarkaz»da o`tkazilgan forumda ikki mamlakat iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari, etakchi ishbilarmonlari ishtirok etdi. Xususan, Koreya Respublikasining 150 ta kompaniya va tashkilotidan 350 dan ortiq vakillar qatnashdi. Kompaniya va tashkilotlar o`rtasidagi investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, tovarlar etkazib berish va xizmat ko`rsatish masalalari muhokama qilindi.

Biznes-forumda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod bo`lgan muhim kelishuvlarga erishildi va bitimlar imzolandi. Ular energetika, neft-gaz, ximiya va tog`-kon, mashinasozlik va elektr texnikasi, transport va logistika, to`qimachilik va oziq-ovqat sanoati, infratuzilmalar, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, raqamli tibbiyot kabi ustuvor yo`nalishlarni qamrab olgan.

«Angren» iqtisodiy zonasini «Inchxon» erkin iqtisodiy zonasi boshqaruviga berish, «Bo`stonliq-farm» hududida eng zarur dori vositalari ishlab chiqarish bo`yicha kelishuvlar alohida e`tiborlidir.

Prezidentimiz Janubiy Koreya ishbilarmonlarini mamlakatimiz iqtisodiyotidagi yangi imkoniyatlardan faol foydalanishga chaqirdi.


    Boshqa yangiliklar