AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Xalqaro valyuta jamg`armasining boshqaruvchi direktorini qabul qildi

'Shavkat Mirziyoev Xalqaro valyuta jamg`armasining boshqaruvchi direktorini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 25 aprel kuni “Dyaoyuytay” qarorgohida Xalqaro valyuta jamg`armasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari XVJ bilan keyingi yillarda jadal va tizimli tus olgan hamkorlik darajasidan mamnunligini bildirdi.

Kristin Lagard Xalqaro valyuta jamg`armasi kompleks iqtisodiy va tarkibiy yangilanishlarni amalga oshirish jarayonida O`zbekistonga zarur barcha yordamni ko`rsatishni davom ettirishga qat`iy intilishini ta`kidladi.

XVJ O`zbekistonda iqtisodiy siyosatga doir, jumladan, aholi turmush darajasini izchil yaxshilashga xizmat qiladigan aniq choralarni ishlab chiqishda texnik ko`mak sohalarini faol kengaytirishga tayyor ekani qayd etildi.

Xalqaro valyuta jamg`armasi o`z tahlillariga tayangan holda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti holatini ijobiy baholamoqda. Xususan, yalpi ichki mahsulotning o`sishi joriy yilda 5,5 foiz, kelasi yili esa 6 foizga etishi kutilmoqda.

Jamg`arma ekspertlarining fikricha, O`zbekiston muhim islohotlarning ilk bosqichini muvaffaqiyatli amalga oshirdi, shu jumladan, valyuta muomalasi liberallashtirildi, soliq boshqaruvi isloh qilindi va davlat statistikasi tizimi tubdan yaxshilandi.

Uchrashuvda O`zbekiston va Xalqaro valyuta jamg`armasi o`rtasidagi hamkorlikning joriy masalalari ko`rib chiqildi, uning samaradorligiga yuksak baho berildi.

Jamg`armaning texnik ko`magi tufayli yangi soliq siyosati va ma`muriyatchiligi konsepsiyasi ishlab chiqilib joriy etilgani, "Markaziy bank va valyutani tartibga solish to`g`risida"gi qonunning yangi tahriri loyihasi tayyorlangani, O`zbekiston Davlat byudjeti ilk bor o`rta muddatli asosda ishlab chiqilgani, mamlakatimiz XVJ statistika ma`lumotlari tarqatishning umumiy tizimiga qo`shilgani ijobiy baholandi.

Prezidentimiz va XVJ boshqaruvchi direktori faol hamkorlikni, avvalo, pul-kredit siyosati, bank tizimi, soliq-byudjet siyosati, to`lov balansini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish sohalarida davom ettirishga kelishib oldilar.

Kristin Lagard Shavkat Mirziyoevni mazmunli muhokama uchun minnatdorlik bildirdi hamda o`zining 2019 yil iyun oyiga mo`ljallangan O`zbekistonga tashrifi davomida muloqotni davom ettirishga umid bildirdi.

- Siz O`zbekiston aholisi farovonligi yo`lida amalga oshirayotgan keng ko`lamli islohotlarni o`z ko`zim bilan ko`rmoqchiman, - dedi Kristin Lagard.


    Boshqa yangiliklar