AsosiySiyosat

Prezident Shavkat Mirziyoev Xitoy parlamenti rahbari bilan uchrashdi

'Prezident Shavkat Mirziyoev Xitoy parlamenti rahbari bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 aprel kuni Pekinda Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo`mitasi raisi Li Chjanshu bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari "Bir makon, bir yo`l" ikkinchi xalqaro forumining o`tkazilishi hamda uning doirasida XXR Raisi Si Szinpin ilgari surgan tashabbuslarning amalga oshirilishi xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga, keng mintaqamizda do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va o`zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishini ta`kidladi.

Kecha Xitoy Xalq Respublikasi Raisi bilan o`tgan uchrashuvda mamlakatlarimiz hamkorligining yangi istiqbollari belgilab olingani, ular ikki davlat o`rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Li Chjanshu O`zbekiston va Xitoy o`zaro munosabatlarda erishgan yuksak darajani katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Keyingi yillarda ikki mamlakat o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, moliyaviy, madaniy-gumanitar va ko`plab boshqa sohalardagi aloqalar yanada faollashgani alohida ta`kidlandi.

O`zbekiston va Xitoyning qonun chiqaruvchi organlari o`rtasida hamkorlik borasida ijobiy tajriba to`plangan. Parlament delegasiyalarining uchrashuvlari muntazam o`tkazilib, bu boradagi sheriklik izchil rivojlanib bormoqda.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalalari ko`rib chiqildi. Bundan tashqari, parlamentlararo muloqot mamlakatlarimiz hamkorligini amaliy mazmun bilan boyitish, yangi dastur va loyihalarni ilgari surishga xizmat qilishi qayd etildi.

Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo`mitasi raisi O`zbekiston va Xitoy o`rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va keng ko`lamli sheriklikni yanada rivojlantirishga amaliy hissa qo`shishga tayyorligini bildirdi.

Li Chjanshu O`zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, ularning real natijalari va samaradorligini yuksak baholadi. Uning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoevni o`z siyosati va islohotlari miqyosi va maqsadlari nuqtai nazaridan to`la asos bilan Xitoyning buyuk islohotchisi Den Syaopin bilan taqqoslash mumkin.

Uchrashuv yakunida parlamentlararo aloqalarni faollashtirish hamda samarali islohot va yangilanishlarni amalga oshirish borasidagi tajribani chuqur o`rganish maqsadida qo`shma tadbirlar o`tkazishga kelishib olindi.


    Boshqa yangiliklar