AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev: Surxondaryo viloyati salohiyatining hali o`ndan biri ham ishga solinmagan

'Shavkat Mirziyoev: Surxondaryo viloyati salohiyatining hali o`ndan biri ham ishga solinmagan'ning rasmi

Termiz shahrida Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo`lib o`tmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev sessiyani ochiq muloqot tarzida o`tkazishni taklif qildi.

- Haqiqiy ahvolni gapirgan odam bizga do`st. Uchrashuvimiz hamma masalalarni joy joyiga qo`yish bo`yicha foydali bo`lsin, - dedi davlatimiz rahbari

Prezidentimiz foydali qazilmalarga boy, uch martagacha hosil olsa bo`ladigan tabiiy sharoitga ega, aholisi mehnatsevar Surxondaryo viloyati salohiyatining hali o`ndan biri ham ishga solinmaganini qayd etdi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot mamlakatimiz ko`rsatkichidan 2,3 barobar, xizmat ko`rsatish 2 barobar, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish 8 barobar kam ekanini ko`rsatib o`tdi. Viloyatda iqtisodiy faol aholining 10 foizi ishsiz, toza ichimlik suvi bilan ta`minlash darajasi 54 foiz ekani tanqid qilindi.

Shu kabi masalalarni hal etish, viloyatni har tomonlama rivojlantirish maqsadida 2019-2020 yillar uchun umumiy qiymati 23 trillion 632 milliard so`m bo`lgan 649 investisiya loyihasi rejalashtirilgan. Bular doirasida 2,2 milliard dollar to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni o`zlashtirish, 11 ming 500 ta ish o`rni yaratish mo`lajallangan.

Bundan tashqari, Surxondaryoning o`ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini chuqur o`rgangan holda viloyatni 2030 yilgacha kompleks rivojlantirish bo`yicha konsepsiya ham ishlab chiqilmoqda.

Prezidentimiz chet eldan investisiya olib kelib, zamonaviy korxonalar tashkil etish, yangi ish o`rinlari yaratish, aholi va mahalliy byudjetlar daromadini ko`paytirish bo`yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

    Boshqa yangiliklar