AsosiyJamiyat

Prezident zamonaviy tikuvchilik korxonasi va innovasion ko`chma kinoteatr loyihasi bilan tanishdi

'Prezident zamonaviy tikuvchilik korxonasi va innovasion ko`chma kinoteatr loyihasi bilan tanishdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 1 may kuni Termiz shahridagi «ZIF Textile» mas`uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.

Ushbu zamonaviy korxonani barpo etish uchun qurilishi tugallanmagan bino 16 milliard so`m investisiya kiritish sharti bilan «nol» qiymatda berilgan edi. Zarur qurilish-ta`mirlash ishlari amalga oshirilib, zamonaviy sexlar, omborxona va ma`muriy xonalar bunyod etildi. Germaniya, Italiya, Turkiyadan tikuvchilik dastgohlari keltirib o`rnatildi. Mingga yaqin yangi ish o`rni yaratildi.

Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, bu erda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ko`zdan kechirdi, mutaxassis va tikuvchilar bilan suhbatlashdi.

Prezidentimiz bu kabi zamonaviy korxonalarni ko`paytirish, mahsulotni eksport qilish zarurligini qayd etdi.

Korxona joriy yilda 29 million dollardan ziyod qiymatdagi bolalar va kattalar kiyimlari, jinsi shim ishlab chiqarib, 8,8 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilishni rejalashtirgan. 2021 yilda korxonaning yillik quvvati qariyb 50 million dollarga etkazilib, 34,7 million dollarlik eksport mo`ljallanmoqda.

Shu erda «Janub textile» MChJning ip-kalavadan tayyor mahsulot ishlab chiqarish klasteri hamda O`zbekiston-Hindiston qo`shma korxonasini tashkil etish, Termiz tumanidagi Sulton Saodat ziyoratgohini ta`mirlash va obodonlashtirish, mamlakatimizning Avstriya, Tojikiston va Afg`onistondagi diplomatik vakolatxonalari ko`magida investisiya loyihalarini amalga oshirishga oid taqdimotlar o`tkazildi.

Shu erda «Kinomobil» – O`zbekistondagi birinchi innovasion kinoteatr loyihasi taqdimoti o`tkazildi. Uning tashabbuskori “Cinema Servis" MChJ bo`lib, loyiha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Ko`chma kinoteatr MAN avtomobili negizida ishlab chiqilgan, isitish va ventilyasiya tizimi bilan jihozlangan. Tomoshabinlar filmlarni Dolby 5+1 tovush tizimi bilan 2D va 3D formatlarida tomosha qilishi mumkin. Mobil kinoteatr 30 daqiqa ichida ishga tushadi hamda 80 kishiga xizmat ko`rsatish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Beshta tashabbusga hamohang ushbu innovasion loyiha yurtimizning olis va chekka hududlari aholisi, ayniqsa, bolalar va o`smirlarning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ma`naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimizga respublikamiz hududlarida zamonaviy kinoteatrlar tarmog`ini barpo etish loyihasi to`g`risida ham ma`lumot berildi. Shavkat Mirziyoev mutasaddilarga qurilish ishlarini o`z vaqtida va sifatli yakunlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Surxondaryo viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo`nab ketdi.


    Boshqa yangiliklar