Kecha, 1 may kuni “Chirchiq” poligonida 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Mudofaa vazirligi miqyosida o`tkazilishi rejalashtirilgan Tank biatloni musobaqasining ochilishiga bag`ishlangan marosim bo`lib o`tdi.
Unda Mudofaa vazirligi mas`ul ofiserlari, Toshkent harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondonligi, Qurolli Kuchlar faxriylari, o`quvchi yoshlar, harbiy orkestr sozandalari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
“Mazkur musobaqani o`tkazishdan asosiy maqsad – Mudofaa vazirligi harbiy okruglarining jangovar bo`linmalari o`rtasida eng ilg`or individual tayyorgarlikka ega bo`lgan tank ekipajlarini tanlab olish. Ularning eng mohirlariga yurtimiz manfaatlarini xalqaro armiya o`yinlarida himoya qilish sharafi beriladi”, – deydi Toshkent harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondonining o`rinbosari polkovnik Baxtiyor O`rolboev.
Barcha harbiy okrugdan ishtirok etayotgan ekipajlar T-62, T-64, T-72 rusumli tanklarda belgilangan yo`nalish bo`ylab harakatlanishga kirishdi. Start va finish, estafetani berish va to`g`ri chiziq bo`ylab harakatlanish uchastkalari bilan jihozlangan musobaqa trassasidan ildamlagan ekipajlar suvli to`siq, qo`rg`on, chuqur, minalashtirilgan yo`lak, eskarp ko`priklaridan o`tib, otish marralarida nishonlarni aniq mo`ljalga oldi.
Eslatib o`tamiz, tank biatloni bellashuvlarining final bosqichi joriy yilning 5 may kuni, “Chirchiq” poligonida bo`lib o`tadi. Hal qiluvchi bahslar davomida zamonaviy va Ikkinchi jahon urushi yillaridagi harbiy texnikalarning namoyishi hamda harbiy san`atkorlarning konsert dasturlari taqdim etib boriladi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati