AsosiySiyosat

Modernizasiya Farg`ona neftni qayta ishlash zavodi faoliyatining yangi davri bo`ladi

'Modernizasiya Farg`ona neftni qayta ishlash zavodi faoliyatining yangi davri bo`ladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 may kuni Farg`ona neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi.

Mazkur korxona o`z vaqtida Farg`ona vodiysidagi neft konlarini o`zlashtirish va mintaqa davlatlariga neft mahsulotlarini etkazib berish maqsadida bunyod etilgan. U hozirgi kunda ham uglevodorod xomashyosini qayta ishlash bo`yicha mamlakatimizdagi eng yirik majmualardan biridir. 475 gektar maydon, 52 ta texnologik ob`ekt uning ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Bu erda 70 mingdan ortiq kishi ishlaydi.

Lekin texnika va texnologiyalar eskirgani, ishlab chiqarish asosan importga bog`liq bo`lgani sababli korxona keyingi o`n yilda norentabel bo`lib qolgan edi. Yillik loyiha quvvati 6 million 450 ming tonna bo`lgani holda ishlab chiqarish bor-yo`g`i 30 foizga tushib qolgandi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 21 fevral kuni neft-gaz va kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari bo`yicha o`tkazilgan yig`ilishda Farg`ona neftni qayta ishlash zavodini investorlarning ishonchli boshqaruviga berish vazifasini qo`ygan edi. Shunga muvofiq 10 aprelda «Farg`ona neftni qayta ishlash zavodini to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb qilgan holda modernizasiya qilish chora-tadbirlari to`g`risida» Prezident qarori qabul qilindi.

Mazkur modernizasiya jarayoni Indoneziyaning «RT Trans Asia Resources» xorijiy kompaniyasi bilan hamkorlikda uch bosqichda amalga oshiriladi. Kompaniyaning sohada katta tajribasi, jahon bozorida o`z o`rni bor. Bu zavodni xomashyo bilan barqaror ta`minlash, uni jahon standartlari asosida qayta ishlab, ichki va tashqi bozorlarga etkazib berishga xizmat qiladi. Kelgusida etakchi xalqaro kompaniyalardan iborat bo`lgan konsorsium tashkil etish rejalashtirilgan.

Kelishuvga asosan, zavodga joriy yilning o`zida kamida 300 million dollar to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni jalb etiladi. Bu mablag` evaziga ikki oy davomida hozirda ishlamay turgan 11 qurilmaning 7 tasidan foydalanish tiklanadi. Buning natijasida 7 ming 100 ta ish joylari saqlab qolinadi, 450 kishi o`z ish o`rinlariga qaytadi.

Shuningdek, zavod ikki barobar ko`proq xomashyo bilan ta`minlanadi. 2020 yildan boshlab «Evro-4», «Evro-5» kabi yuqori sifatli dizel yoqilg`isi ishlab chiqarishga erishiladi. Mahsulotlar tannarxi tushib, sifati oshirilishi natijasida viloyatning eksport salohiyati yanada kengayadi.

Umuman, loyiha doirasida 2022 yilgacha kamida 875 million dollar to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar jalb etiladi. Bu 60 yildan beri ishlab kelayotgan Farg`ona neftni qayta ishlash zavodi va 110 yillik tarixga ega Oltiariq neftni qayta ishlash korxonasini zamonaviy majmualarga aylantirish, ularda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.

Eng muhimi, yana ko`plab odamlar, ayniqsa, yoshlar ish bilan ta`minlanadi. Soliq tushumlari bir oyda qo`shimcha 100 milliard so`mga oshadi.

Prezident Shavkat Mirziyoev zavod ishchilari va investorlar bilan suhbatlashdi.

- Bu ishlardan asosiy maqsad korxonani to`liq quvvat bilan ishlatish, odamlarni ish bilan ta`minlash. Bu Farg`ona neftni qayta ishlash zavodining yangi davri bo`ladi, - dedi davlatimiz rahbari.

Zavodga xomashyo olib kelish, ishlab chiqarish hajmini oshirish bo`yicha qo`shimcha topshiriqlar berildi.


    Boshqa yangiliklar