Bugun taxminan soat 10.30 da 102 raqamiga erkak kishi qo`ng`iroq qilib, to`qqiz qavatli uyning beshinchi qavatidan sakrab o`zining joniga qasd qilmoqchiligini ma`lum qilgan. Voqea joyi bo`lmish Chilonzor tumanining 20-kvartaliga ichki ishlar, Favqulodda vaziyat boshqarmasi, Toshkent shahar klinik psixiatriya shifoxonasi “tez yordam” brigadasi, yong`in xavfsizligi xodimlari va tuman hokimi hamda prokurori etib kelishdi.
Ellik yoshli erkak balkon to`siqidan oshib o`tib, qarori jiddiy ekanligi haqida qichqirar edi. Bu fikrdan qaytishga ko`ndirish uchun bir soatdan ortiq ketganligiga qaramasdan, erkak hech kimga quloq solmas edi. Toshkent shahar IIBB boshlig`ining ko`rsatmasiga binoan erkak kishining yoniga yo`naltirilgan IIBB alohida vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimlari o`z malakalarini qo`llagan holda erkak kishini qutqarib qolishdi.
Hozirgi vaqtda psixiatr A.T. bilan ish olib bormoqda.





