Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, dunyo bo`yicha eng keng tarqalgan va xavfli kasalliklardan biri gripp hisoblanarkan. Xo`sh, mavsum injiqligiga yo`yiladigan bu xastalik nimasi bilan xavfli? Bugun shu savolga javob topishga harakat qilamiz.
Mavzu yuzasidan oliy toifali shifokor-terapevt Nodira HAMROEVA ma`lumot beradi.
VIRUS YuQUMLI!
Gripp virusi havo orqali bemor aksirganida, qattiq yo`talganida sog`lom odam halqumiga tushib, organizmga kirib boradi. Agar immunitetingiz chiniqqan bo`lsa, virusga qarshi antitanachalar xastalikning oldini oladi. Biroq buning aksi bo`lsa, birin-ketin shamollash belgilari kuzatiladi. Kasallikning “umr”i ham organizm xususiyatiga bog`liq.
Gripp qo`zg`atuvchi viruslarning A va V turi jadal rivojlanishi bilan ajralib turadi. Mazkur tur viruslari halqum shilliq qavatini zararlantirgach, bir necha soat davomida organizmga tarqalib bo`ladi. Natijada, kutilmaganda tana haroratining ko`tarilishi, et uvishishi yoxud holsizlik kuzatiladi.
BELGILARI
*Tana haroratining ko`tarilishi
*Qaltirash, et uvishishi
*Holsizlik
*Tumov yoxud burun bitishi
*Bosh og`rig`i
*Tomoqda qichishish, yutinganda og`riq his qilish)
*Bo`g`im va mushaklarda og`riq
NIMA QILASIZ?
- Yuqoridagi alomatlar kuzatilganida mustaqil davolanish tavsiya etilmaydi. Shifokor nazoratida kerakli preparatlar bilan muolaja qilinishi lozim.
- Tana harorati 38-39 darajaga ko`tarilsa, hududiy poliklinika shifokori yoki “Tez yordam” xizmatiga murojaat qiling.
- Grippni oyoqda o`tkazish noxush asoratlarga olib kelishi mumkin. Hatto oddiy shamollash holati bo`lsa ham, albatta, zarur choralarni kechiktirmang.
GRIPPGA ChALINSANGIZ...
- Bemor yotoq rejimida davolanishi lozim. Chunki gripp virusi yurak, buyrak va immun tizimini zo`riqtiradi. Bu paytda harakatlanish yoki mehnat faoliyati bilan band bo`lish, muammoni jiddiylashtirishi mumkin.
- Aksirganda va yo`talganda og`iz-burunni doka yoki dastro`mol bilan to`sing. Yo`qsa, kasallik virusi havo bo`ylab tarqalishiga hissa qo`shgan bo`lasiz.
- Buyurilgan dori preparatlarini o`z vaqtida qabul qiling.
- Imkon qadar ko`proq suyuqlik iching. Na`matak, meva qoqidan sharbat ayni muddao.
- Agar farzandingiz gripp bilan og`rigan bo`lsa, bog`cha, maktab va boshqa aholi gavjum joylarga yubormang.
YuRAKKA ZARARMI?!
Gripp yuzaga kelganda organizmda surunkali xastaliklar ham avj oladi. Ahamiyat bergan bo`lsangiz, ko`pchilik shamollash bilan birga buyrak faoliyatida o`zgarishlar, sistit, og`iz bo`shlig`i yallig`lanishlaridan ham shikoyat qiladi. Shu bilan birga, gripp asoratlari turlicha bo`lishi ham mumkin. Xususan:
- O`pkaga ta`siri — pnevmoniya, bronxit. Aynan pnevmoniya ko`p hollarda gripp ta`sirida avj oladi.
- Yuqori nafas yo`llari kasalliklari — otit, sinusit, rinit, traxeit.
- Yurak qon-tomir tizimi faoliyatida — miokard, perikard.
- Nerv tizimi shikastlanganida — meningit, ensefalit, nevralgiya.
GRIPPDAN HIMOYa
- Davolovchi shifokoringiz bilan maslahatlashib, grippga qarshi emlatishingiz mumkin. Mazkur amaliyot xususiy klinikalarda bajariladi.
- Mavsumiy kasalliklar avj olganida ko`proq S vitaminiga boy mahsulotlar iste`mol qiling. Taomnomada piyoz va sarimsoqpiyoz bo`lishi ham muhim.
- Jamoat transportlarida harakatlansangiz, albatta qo`llaringizni sovunlab yuving.
- Har kuni ertalab va kechqurun burun bo`shlig`ini tozalab turing.
Eslatma!
Oila a`zolaringizdan birida shamollash alomatlari kuzatilayotgan bo`lsa, infeksiya tarqalmasligi uchun xona burchaklariga sarimsoqpiyoz bo`lagini qo`yib chiqing. Ertalab isiriq tutating va xonalarni tez-tez shamollating.