1

Toshkent avtovokzalida xalqaro reyslar yo`lga qo`yildi

Jamiyat 15.05.2019, 17:49
Toshkent avtovokzalida xalqaro reyslar yo`lga qo`yildi

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisiga ko`rsatilayotgan avtotransport xizmatlari sifatini yaxshilash, yurtimizning chekka qishloq va tumanlarini viloyat markazlari bilan bog`lashda jamoat tarnsporti qatnovini yo`lga qo`yish borasida O`zbekiston Transport vazirligi tomonidan katta ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil10 yanvar kuni qabul qilingan “Aholiga transport xizmati ko`rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo`lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” PQ- 2724 -son qarori, 2018 yil 6 mart kuni qabul qilingan “Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ- 3589 son qarorlarida belgilangan vazifalar ishjrosi bosqichma- bosqich amalga oshirilmoqda.Jumladan, bundan 40 yil avval bunyod etilgan poytaxtimizdagi “Toshkent” avtovokzalini zamonaviy qiyofaga keltirish, bu erdagi shart- sharoitlarni so`nggi talab darajasiga ko`rsatish, yo`lovchilar va mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yaratish, mahalliy va xalqaro yo`nalishlarda amalga oshirilayotgan qatnovlarni tizimli yo`lga qo`yish maqsadida keng ko`lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Foydalanishga topshirilayotgan “Toshkent” avtovokzalida bir vaqtning o`zida 2200 nafar yo`lovchiga xizmat ko`rsatish imkoni yaratilgan. Vokzal so`nggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlangan. Bu erda zamonaviy VIP-zal, ona va bola xonasi, tibbiyot xonalari, ayollar va erkaklar uchun alohida nomozxona, mehmonxona va xostel tashkil etilgan. Bundan tashqari imkoniyati cheklangan fuqarolarning avtovokzal hududida emin- erkin harakat qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ikkita lift, ikkita eskalator, maxsus panduslar shular jumlasidan. 31 ta avtobuslarga chiqish perronlari va 80 ta avtobus uchun joy mavjud.

Xozirgi kunda Toshkent avtovokzalidan - 12 ta xalqaro yo`nalish Qozog`iston Respublikasining Chimkent shahriga kuniga - 4 ta, Turkiston shahriga kuniga - 1 ta, Qizil Orda shahriga kuniga – 1 ta, Olma-ota shahriga kuniga – 3 ta, Ushkunur, Taraz, Jettisoy va poytaxt Ostona shaharlariga kuniga – 1 ta to`g`ridan-to`g`ri reyslar, Qirg`iziston Respublikasining poytaxti Bishkek shahriga kuniga - 2 ta, Tojikiston Respublikasining Xo`jand shahriga kuniga – 1 ta hamda Rossiya Federasiyasining Nijniy Novgorod shahriga haftasiga - 3 ta va Tatariston poytaxti Kazan shaharlariga haftasiga – 2 ta to`g`ridan – to`g`ri reyslar ochilgan va kuniga – 15 dan ortiq reyslar bajarilib, avtobuslar xizmatidan kuniga 500-1000 tagacha yo`lovchilar foydalanibkelinmoqda. Qolaversa, nafaqat poytaxt Toshkent balki Respublikamizning boshqa hududlaridan ham xalqaro qatnovlarning yo`lga qo`yilgani aholimizga yanada qulaylik yaratmoqda. Jumladan, Chirchiq- Ushkunur, Nukus- Ushkunur, Samarqand- Pandjikent, Samarqand- Olmaota, Samarqand- Turkiston, Termiz- Dushanbe, Denov- Dushanbe yo`nalishlarida bugungi kunda muntazam qatnovlar amalga oshirilmoqda. Jami xalqaro yo`nalishlar soni 19 ta.

Bundan tashqari Toshkent-Samarkand, Toshkent-Zarafshon, Toshkent-Kattako`rg`on, Toshkent-Xatirchi, Toshkent-Mirbozor, Toshkent-Paxtaobod, Toshkent-Uchkuduk, Toshkent-Gagarin, Toshkent-Zomin, Toshkent-Yangier, Toshkent-Termiz, Toshkent-Denov, Toshkent-Buxoro, Toshkent-Qorako`lyo`nalishlari bo`yicha kuniga - 10 dan ortiq mahalliy reyslar bajarilib, avtobuslar xizmatidan kuniga 400-500 tagacha yo`lovchilar foydalanmoqda. Uzoq masofali yo`nalishlarga chiptalar - 10 kun ilgari sotilishi yo`lga qo`yilgan. Imtiyozli yo`lovchilarga ta`luqlixujjatlari orqali barcha yo`nalishlarda yo`lovchilar tashish qoidalariga binoan o`z huquqlaridan foydalanadi. Hozirda avtovokzalda yo`lovchilarga yuqori madaniy saviyada xizmat ko`rsatish yo`lga qo`yilgan bo`lib, har bir avtobus yo`nalishga chiqishidan avval to`liq texnik ko`rikdan, haydovchilar tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi. Avtobuslarning sanitar holati ham doim nazorat ostida.Shuningdek,avtovokzaldan qatnaydigan avtobuslardan foydalangan yo`lovchilar yuz berishi mumkin bo`lgan baxtsiz hodisalardan majburiy sug`urtalanadi, sug`urta puli chiptalar qiymatiga kiritilgan va o`zaro tashuvchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida taqsimlanadi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi 3584- sonli “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida” qarori ijrosi yuzasidan O`zbekiston Respublikasi transport vazirligi tomonidan xorijiy davlatlarga vaqtinchalik ishlash uchun chiqib ketayotgan fuqarolarining o`z vaqtida manzillariga xavfsiz etkazib qo`yishni tashkil etish maqsadida “Uzautotrans Service” MChJ avtobusda tashuvlarni amalga oshirishga ixtisoslashtirilgan milliy korxonasi tashkil etilgan edi. Mazkur korxona parkini zamonaviy avtobuslar bilan ta`minlash borasida Xitoy Xalq Respublikasining “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasi bilan2018 yilda imzolangan shartnomaga ko`ra 168 dona ko`p o`rindiqli zamonaviy avtobuslarni sotib olish bo`yicha kelishuvga erishilgan edi.

Bugun mazkur zamonaviy avtobuslarning barchasi Respublikamizga olib kelindi. Ushbu avtobuslarda haydovchi va yo`lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Kondisioner, salondagi iqlim nazorati, aktiv va passiv xavfsizlik tizimlari shular jumlasidan. Avtobus 53 nafar yo`lovchini o`z bag`riga sig`dira oladi. O`rindiqlar yumshoq bo`lib, har bir yo`lovchiga maksimal darajada qulaylik yaratilgan. Agar zarurat bo`lsa, o`rindiqlarni old va orqa tomonga siljitish hamda yon tomonga ham sozlash mumkin. Har bir yo`lovchi o`rindig`i ustida havo deflektori va individual yoritish lampalari mavjud. Shuningdek, yo`lovchilarning qo`l yuklarni joylashtirish uchun saloning yuqori qismida maxsus joylar ajratilgan. Uzoq safar davomida yo`lovchilarning zerikmasligini ta`minlash maqsadida avtobus saloni yuqori klassdagi media tizm va ikkita monitor bilan jihozlangan.

Bundan tashqari rul boshqaruvida bo`lgan haydovchiga ham alohida qulayliklar yaratilgan. Haydovchining ish joyi yaxshi jihozlangan o`rindig`i esa og`irlikka qarab avtomatik tarzda sozlanadi va uch nuqtali xavfsizlik kamariga ega. Bundan tashqari zarurat bo`lganda o`rindiqning balandligi va og`ish burchagini o`zgartirish mumkin.

“Uzautotrans Service” MChJ korxonasi ushbu yangi avtobuslarda samarali faoliyat ko`rsatishni tashkil etish maqsadida maxsus tanlov asosida 120 yaqin haydovchilarni saralab oldi.Ularning malakasi maxsus o`quv dasturi asosida oshirilib, xorijiy davlatlar hududida harakatlanayotganda e`tibor qaratilishi lozim bo`lgan jihatlar haqida to`liq tushunchalar berildi.

O`zbekiston Respublikasi transport vazirligi tomonidan talab yuqori bo`lgan, yo`lovchilarining katta oqimi harakatlanayotgan xalqaro yo`nalishlarda avtobus qatnovlarini tashkil etish borasida muntazam o`rganish ishlari olib borilmoqda. To`liq rekonstruksiyadan chiqqan “Toshkent” avtovokzalining foydalanishga topshirilishi va “Uzautotrans Service” MChJ korxonasi avtobuslarining yo`nalishlarga qo`yilishi respublikamizda jamoat transporti yo`nalishida yangi rivojlanish davrini boshlab beradi desak mubolag`a bo`lmaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1