O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 15 may kuni "O`zbekiston nefti va gazi" xalqaro ko`rgazmasi tadbirlarida ishtirok etish maqsadida mamlakatimizda bo`lib turgan «LUKOYL» kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatimiz neft-gaz tarmog`ida etakchi bo`lgan ushbu Rossiya kompaniyasi bilan samarali hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida qayd etdi.
Bugungi kunda "LUKOYL" kompaniyasi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan qo`shma loyihalarga kiritgan investisiyalar hajmi 7,5 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.
O`tgan yil aprel oyida ishga tushirilgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi loyiha quvvatiga chiqdi. "Hovuzak" va "Shodi" konlari, shuningdek, Janubi-G`arbiy Hisor konlari o`zlashtirilmoqda.
Uchrashuvda o`zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari, jumladan, yangi investisiya dastur va loyihalarini tayyorlash hamda «LUKOYL» kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi.
Vagit Alekperov Prezidentimizga samimiy qabul va qo`shma loyihalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
"LUKOYL" kompaniyasi rahbari O`zbekiston bilan neft-gaz tarmog`ida uzoq muddatli va keng ko`lamli sheriklikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta`kidladi.