1

​Davlat byudjeti ijrosi deputatlar muhokamasida

Jamiyat 22.05.2019, 06:12
​Davlat byudjeti ijrosi deputatlar muhokamasida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiyalari Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2018 yildagi hamda 2019 yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hisobotini ko`rib chiqdi.

Xususan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig`ilishida qayd etilganidek, 2018 yilda Davlat byudjeti daromadlari 2017 yilga nisbatan 59,2 foizga o`sib, belgilangan 62 trillion 500 milliard so`m rejadan 16 trillion 599 milliard so`mga ortig`i bilan yoki 126,6 foizga bajarildi. O`z navbatida, Davlat byudjeti daromadlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 19,4 foizni tashkil qildi. Yalpi ichki mahsulot 2017 yilga nisbatan 5,1 foizga o`sdi.

So`nggi yillarda hukumatimiz tomonidan sanoat tuzilmasini diversifikasiya qilinishi, eksportni qo`llab-quvvatlash, import o`rnini bosuvchi tovar va mahsulotlarni ishlab chiqarishni yanada oshirilishi natijasida eksport tarkibida sezilarli o`zgarishga erishildi. Shuningdek, o`tgan 2018 yilda 107,3 trillion so`m asosiy kapitalga investisiyalar o`zlashtirilgan. Ularning 34,4 trillion so`mi markazlashgan investisiyalar hisobiga to`g`ri keldi.

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish maqsadida Xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlar grant mablag`lari hisobidan 1 trillion 152,3 milliard so`m hamda mahalliy byudjet va uning qo`shimcha mablag`lari hisobidan 1 trillion 277,8 milliard so`m ajratish rejalashtirilib, tegishli mablag`lar o`z vaqtida yo`naltirilgan.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining moliyaviy-xo`jalik faoliyatiga bog`liq bo`lmagan rejali tekshiruvlar hamda 42 turdagi faoliyatga lisenziyalar va ruxsatnomalar berish bekor qilindi. 25 faoliyat turi uchun lisenziya va ruxsatnoma berish muddatlari qisqartirildi, davlat mulki hamda er uchastkalarini tadbirkorlik sub`ektlariga elektron savdolar orqali nol qiymatda sotishning bozor mexanizmlari joriy etildi. Yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini ta`minlash maqsadida «Yoshlar kelajagimiz» jamg`armasiga Davlat byudjetidan 480 milliard so`m mablag` ajratildi.

– O`tgan davrda O`zbekistonning ilk bor xalqaro evro obligasiyalarni London birjasida joylashtirishi va bu orqali respublikaning xalqaro moliyaviy bozorga kirib kelishi ta`minlaganligi hukumat tomonidan amalga oshirilgan eng muhim ishlardan biri sifatida baholaymiz, – deydi O`zLiDeP fraksiyasi a`zosi Komiljon Ernazarov. – Buning afzalliklari shundaki, Evrobond avvalo, O`zbekistonni jahon moliya bozoriga tanitadi va xorijiy investorlarni jalb qilishga yordam beradi, yirik va uzoq muddatli investisiyalarni moliyalashtirish manbai sifatida investorlar doirasini kengaytirib, investisiya manbalarini diversifikasiya qilish, shu bilan bir qatorda barqaror iqtisodiy siyosat yuritish barometri hisoblangan evrobondni chiqarish orqali O`zbekiston hukumatiga iqtisodiy rivojlanish, barqaror monetar va fiskal siyosat yuritishga tayyor ekanini jahon investorlariga namoyish qilish imkonini beradi. Umuman olganda, evrobond O`zbekiston korxonalarida korporativ boshqaruvni jahon darajasiga olib chiqib, turli sohalarga to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar oqimiga ijobiy ta`sir etadi.

2019 yilning birinchi choragida eksport hajmi 4,1 milliard AQSh dollarni tashkil etgan bo`lsa, import hajmi 5,3 milliard AQSh dollariga teng bo`ldi.

Yig`ilish yakunida fraksiya a`zolari O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2018 yil yakunlari va 2019 yilning birinchi choragi yakunlari ijrosi to`g`risidagi hisobotni ma`qulladilar.

O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig`ilishida Davlat byudjeti va maqsadli jamg`armalaridan tadbirlarni moliyalashtirishga, ayniqsa, ijtimoiy himoyada qariyalar va nogironligi bo`lgan shaxslarga alohida e`tibor qaratilayotganligi kayd etildi.

Taqdim etilgan xujjatlar tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, 2018 yilda aholi umumiy daromadlari 286,3 trillion so`mni tashkil etgan, bu ko`rsatkich 2017 yilga nisbatan 110,3 foizga oshgan. Bu esa fuqarolarning real daromadlarini oshirishga xizmat qilgan bir qator tadbirlarning samarali hayotga tatbiq etilganligidan dalolatdir.

Hisobot davrida ijti moiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 42 trillion 883 milliard so`m yoki umumiy xarajatlarning 53,8 foizi miqdorida mablag` sarflangan.

Fraksiya a`zolari Davlat byudjeti shakllanishi va daromadlarini ko`paytirish zaxiralarini aniqlash va safarbar qilish, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qaror va topshiriqlari, Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar, shuningdek, strategik ahamiyatga ega investisiya loyihalarining ijrosini ta`minlashga qaratilgan chora tadbirlarga alohida e`tibor qaratdilar.

Shuningdek, Davlat byudjetining daromadlari ijrosi tahlil qilindi. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, 2019 yilning birinchi choragida aholi umumiy daromadlari 64,9 trillion so`mni tashkil etdi. Iste`mol narxlarining o`zgarishi sababli o`tgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o`sish sur`ati 108,6 foizni tashkil etdi. Qayd etildiki, ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan umumiy xarajatlarning 54,4 foizi miqdorida mablag` sarflandi.

Yig`ilishda ta`kidlandiki, 2019 yilning birinchi choragida xarajatlarning ijtimoiy yo`naltirilganligi saqlab qolindi. Bunda, aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoya va sog`liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo`l-transport, muhandislik-kommunikasiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizasiya qilish bo`yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish kabi tadbirlarni moliyalashtirish byudjet parametrlarida belgilangan yo`nalishlar doirasida o`z vaqtida amalga oshirildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1