Samarqandda Konfusiy instituti ochildi

Jamiyat 01.12.2014, 12:28
Samarqandda Konfusiy instituti ochildi

Samarqand davlat chet tillar institutida Konfusiy institutining ochilish marosimi bo`lib o`tdi, deya xabar bermoqda O`zA.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining O`zbekistondagi elchixonasi, Samarqand viloyati hokimligi,Shanxay xorijiy tillar universiteti vakillari ishtirok etdi.
O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi do`stlik va hamkorlik aloqalari bugungi kunda barcha sohalarda, jumladan, ta`lim tizimida ham izchil rivojlanayotgani ta`kidlandi. Bunda ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuvlarida erishilayotgan kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Samarqandda Konfusiy institutini tashkil etish bo`yicha bitim O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan 2013 yilning sentyabrida mamlakatimizda bo`lgan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning tashrifi chog`ida imzolangan edi.
– O`zbekistonda ilk Konfusiy instituti 2005 yili Toshkentda ochilgan edi, – deydi Xitoyning Shanxay xorijiy tillar universiteti prorektori Chju Chen. – O`zbekiston va Xitoy ijtimoiy-madaniy aloqalarining samarasi sifatida endi Samarqandda ham Konfusiy instituti faoliyat ko`rsatadigan bo`ldi. Mazkur institutni tashkil etish jarayonida yurtingizdagi ta`lim jarayonlari, xususan, Samarqand davlat chet tillar instituti faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ushbu dargohda xitoy tili mutaxassisligi bo`yicha kadrlar tayyorlanayotgani, talabalarning xitoy tilini o`rganishga bo`lgan qiziqishi yuqoriligi quvonarlidir. Konfusiy instituti ilm-fan sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda o`zbekistonlik yoshlarning Xitoy haqidagi tushunchalarini boyitishga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar institutda xitoy tili va madaniyatini o`rgatish yuzasidan yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1