AsosiySiyosat

O`zbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi

'O`zbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi'ning rasmi

Muhtaram vatandoshlar!

Dunyodagi jamiki musulmon ummati uchun mo``tabar va qadrli bo`lgan shu saodatli, ulug` ayyomda siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo`min-musulmonlar, butun xalqimizni Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Muqaddas dinimizning ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi buyuk fazilatlari yanada yorqin namoyon bo`ladigan ushbu shukuhli damlarda barchamiz, avvalo, Alloh taologa oilamiz, elu yurtimiz bilan birgalikda bugungi qutlug` va barokatli kunlarga etkazgani uchun behisob shukronalar aytamiz.

Ramazon oyining fayzu tarovatidan bahramand bo`lib, jamiyatimizda o`zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, muhtaram nuroniylar, ayollar va bolalarga mehr va e`tibor ko`rsatish, ehtiyojmand insonlarga beg`araz yordam berish singari savobli ishlarni amalga oshirishga intilamiz.

Bunday olijanob maqsad va harakatlar mamlakatimizni taraqqiy topgan davlatlar qatoriga olib chiqish, xalqimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan islohotlarimizning ma`no-mazmuniga har tomonlama uyg`un va hamohang ekani ayniqsa e`tiborlidir.

Shu ma`noda, necha yuz yillik tarix va madaniyatimiz, milliy o`zligimizning ajralmas qismiga aylanib ketgan muqaddas dinimizni asrash, ajdodlarimizning bebaho ma`naviy-ma`rifiy merosini o`rganish va targ`ib etish biz uchun o`ta dolzarb vazifa bo`lib qolmoqda. Keyingi vaqtda mamlakatimizda shu yo`nalishda katta ishlar amalga oshirilayotgani, tabarruk qadamjolar obod qilinib, yangi-yangi ilmiy, madaniy va diniy markazlar, ta`lim maskanlari tashkil etilayotgani barchangizga yaxshi ma`lum.

Bu yil muborak Ramazon kunlarida Termiz shahrida Hakim Termiziy, Toshkent shahrida Suzuk ota va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kabi ulug` ulamolarimizning nomlari bilan atalgan diniy majmualar, jome masjidlari foydalanishga topshirilgani, joylarda besh tashabbus va boshqa ijtimoiy-ma`naviy dasturlarimiz doirasida el-yurtimiz, xususan, yoshlar va xotin-qizlar uchun qulay mehnat va turmush sharoitlari yaratilayotgani bu yo`ldagi yangi qadamlar bo`ldi.

O`zbekistonning “Jaholatga qarshi – ma`rifat” degan tamoyil asosida jahon miqyosida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, vijdon erkinligi va dinlararo bag`rikenglikni ta`minlash, islom dinining insonparvarlik mohiyatini xalqimiz va dunyo ahliga etkazish borasidagi tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo`llab-quvvatlanmoqda.

Shu ulug` ayyom kunlarida uzoq va yaqin davlatlarda yashayotgan mo`min-musulmon birodarlarimizni, barcha do`st va hamkorlarimizni samimiy qutlab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot va farovonlik tilaymiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Go`zal diyorimizda muborak Ramazon shukuhi kezib yurgan shu kunlarda bayram kayfiyati barcha shahar va qishloqlarimizga kirib borishi, bu ayyomni yanada mazmunli o`tkazish uchun sharoit yaratish maqsadida 5-6 iyun mamlakatimizda dam olish kunlari deb e`lon qilindi.

Buyuk bobomiz Imom Buxoriy hazratlaridan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, “Chinakam musulmon o`ziga ravo ko`rgan barcha yaxshiliklarni boshqa insonlarga ham ravo ko`radi”.

Darhaqiqat, hayotda ezgu va savob amallarni bajarib, oilasi, farzandlari, el-yurtining baxtu saodatini o`ylab, halol mehnat qilib yashash musulmon ahli uchun iymon-e`tiqodning muhim sharti hisoblanadi.

Ishonchim komil, dinu diyonatimiz va zamon ruhini qalbimizga chuqur singdirib, bugungi hayotning o`tkir talabi bo`lgan ilm-fan, innovasiya va taraqqiyot yutuqlari bilan qurollanib, Vatanimiz ravnaqi yo`lida astoydil xizmat qilsak, o`z oldimizga qo`ygan yuksak marralarga albatta etamiz.

Siz, aziz vatandoshlarimni muqaddas Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Niyati pok, maqsadlari ulug` xalqimizning shu tabarruk kunlarda qilayotgan barcha ibodatlari, ezgu duolari ijobat bo`lsin!

Muqaddas ayyom – Ramazon hayiti barchamizga muborak bo`lsin!


Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar