1

Prezident Shavkat Mirziyoev: Islom sivilizasiyasi markazi ilmiy fundamental baza bo`lishi lozim

Siyosat 25.06.2019, 15:07
Prezident Shavkat Mirziyoev: Islom sivilizasiyasi markazi ilmiy fundamental baza bo`lishi lozim

Prezident Shavkat Mirziyoev o`tgan yili iyunda O`zbekiston islom sivilizasiyasi markazi qurilishiga ramziy tamal toshi qo`ygan edi. O`tgan vaqt davomida bu erda keng ko`lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Inshoot erto`lasi va devorlari qurildi, ayni paytda tom qismi konstruksiyalari montaj qilinmoqda.

Qariyb 10 gektarni egallagan muassasa ilmiy-ma`rifiy markaz bo`ladi. Bino erto`lasida muzey ombori, qadimiy qo`lyozma va osori-atiqalarni restavrasiya qilish xonalari bo`ladi. Birinchi qavatda kutubxona, anjumanlar zali, ajdodlarimizning ilm-fan rivojiga qo`shgan ulkan hissasi va me`morlik an`analariga bag`ishlangan ko`rgazma zallari joylashadi. Markaziy foyega Usmon Qur`oni qo`yiladi. Ikkinchi qavatdan axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va boshqa xonalar o`rin oladi.

Davlat rahbari qurilish jarayonini ko`zdan kechirdi, binoning ichki va tashqi ko`rinishi, gumbaz ranglari yuzasidan o`z tavsiyalarini berdi.

- Bu markaz orqali ilm, ma`rifat, madaniyat rivojiga millatimiz qo`shgan hissani muhrlab qo`ymoqchimiz, bu ulug` merosni xalqimizga, yoshlarimizga etkazmoqchimiz. Islom sivilizasiyasi markazi shu yo`nalishdagi ilmiy muassasalar uchun fundamental baza bo`lishi lozim. O`zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi o`quv ishlari bu markaz bilan hamohang bo`lishi, talabalar yuqori kurslarni shu erda o`qib, o`qituvchilar malaka oshirishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezidentimiz Usmon Qur`onini bezavol saqlash masalasiga alohida e`tibor qaratdi. Uni talabga mos harorat va yorug`lik darajasini ta`minlagan holda saqlash, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish bo`yicha davlatimiz rahbari ko`rsatmalar berdi.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1