1

Gulnora Karimova ishi: Pullar qachon qaytariladi? Unga bag`ishlab boshlangan “chellenj”larda biror mohiyat bormi?

Jamiyat 27.06.2019, 14:00
Gulnora Karimova ishi: Pullar qachon qaytariladi? Unga bag`ishlab boshlangan “chellenj”larda biror mohiyat bormi?

So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar va qator xorijiy ommaviy axborot vositalarida Gulnora Karimova bilan bog`liq turli shov-shuvli xabarlar tarqaldi. Jumladan, o`zbek shou-biznesi vakillari kutilmaganda ijtimoiy tarmoqlardagi o`z akkauntlariga G.Karimovaning rasmlarini joylab, unga sog`liq tilab, post qoldira boshladi. Bundan bir necha kun oldin esa «Instagram» orqali Gulnora Karimovaning o`zbek xalqiga murojaati e`lon qilindi.

Xo`sh, bu kabi holatlarni qanday izohlash mumkin? Nega o`zbek san`atkorlari bunday o`ziga xos “chellenj”ni boshlab yuborishdi? Yoki bu qandaydir uyushtirilgan kampaniyami?

Ayni savollarga javob izlashdan oldin Gulnora Karimova bilan bog`liq vaziyatga qisqacha to`xtalib o`tsak. G.Karimova 2015 yilning avgustida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilib, unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. U Bosh prokuratura tomonidan trillionlab so`m daromadni soliqdan yashirganlik, o`zgalarning trillionlab so`mlik mulkini tovlamachilik bilan tortib olish va qariyb 2 milliard AQSh dollarini xorijda berkitish kabi jinoyatlarda ayblangan.

Shundan so`ng, 2013 yilda Shveysariya hukumati Jeneva va Syurixdagi banklarda Gulnora Karimovaga tegishliligi gumon qilingan 800 million frankni muzlatib qo`ydi. Yaqinda esa Shveysariya bosh prokuraturasi o`zbekistonlik hamkasblari bilan “Gulnora Karimova ishi” doirasidagi tekshiruvlar asosida 130 million frank miqdoridagi mablag` O`zbekistonga qaytarilishi haqida ma`lum qildi.

O`z navbatida, G.Karimova ham murojaatida O`zbekiston hududidagi 1,2 milliard AQSh dollari miqdoridagi shaxsiy aktivlari “o`ziga tegishlilikdan chiqqani va respublika byudjeti farovonligi uchun xizmat qilayotgani”ni bayon qilgan.

Tan olish kerak, G.Karimovaning mazkur murojaatidan so`ng ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzu keng muhokama qilinmoqda. Kimdir uning qilmishlarini kechirish, unga yana imkon berish kerakligini aytayotgan bo`lsa, boshqa biri bu pullar evaziga mamlakatni yanada rivojlantirish, odamlarning uyiga gaz, suv o`tkazib berish va hokazo ishlarni amalga oshirish mumkin, deyapti. Ko`pchilik Bosh prokuratura ma`lumotida tilga olib o`tilgan mablag`larni nimalarga ishlatish mumkinligi haqida fikr yuritishgan.

Endi boshdan do`ppini olib, bir tanimizga o`ylab ko`raylik. Rasmiy manbalarda keltirilgan va G.Karimova tomonidan o`zlashtirilgani aytilgan, davlatga va fuqarolar manfaatlariga etkazilgan zarar miqdori (3 trln. 746,8 mln. so`m) aslida kichik summa emas. Agar bu mablag`lar o`z vaqtida chet davlatlarga olib chiqib ketilmay, O`zbekistonda samarali foydalanilganida, o`tgan yillar davomida ulardan mamlakat iqtisodiyotiga bir necha barobar ziyodroq foyda kelgan bo`lar edi.

Yana shu narsa aniqki, bugun ham O`zbekistonda Gulnora Karimova tomonidan talon-toroj etilgan va o`z haqlarini qaytarib ololmagan yuzlab kompaniya hamda minglab kishilar bor. Ular sabr qilib, adolat qaror topishiga umid qilib yashayapti. Shu ma`noda, G.Karimova ishi bo`yicha shoshma-shosharlik bilan balandparvoz bayonotlar berish emas, balki davlat va fuqarolar manfaatini o`ylab ish tutish lozim. U tomonidan etkazilgan zararni, xorijda saqlanayotgan millionlab dollar mablag`larni O`zbekistonga qaytarish, mamlakat ravnaqi yo`lida sarflash darkor.

Agar fonogrammadan boshqasini bilmaydigan, o`zini qo`shtirnoq ichida san`atkor deb ataydigan “shovvozlar”ning gapiga quloq soladigan bo`lsak, shu narsa anglashiladiki: “Demak, hamma o`g`irlik qilsa bo`laveradi, pora olsin, agar qo`lga tushib qolsa, pullarni qaytarib, chiroyli kechirim so`rasa, ozodlikka chiqariladi. Keyin oddiy xalqdan o`g`irlangan pullar hisobidan xorijiy davlatlar panohida kayfu safo qilib yuraversa bo`ladi”. Qiziq, o`ziga xos kampaniyani boshlagan xonandayu qiziqchilar bizga shuni taklif qilyaptimi? Bir vaqtlar G.Karimova atrofida girdikapalak bo`lgan kimsalar o`sha davrlarni sog`inib qolishdimi yo? Aslida qilgan jinoyati uchun hammaga birdek jazo muqarrar bo`lgan joyda jinoyat kamaymaydimi?

Yana bir gap. Kechirimlilik, insonparvarlik xalqimizga xos fazilat. Bu jihatlar qonunlarimizda, huquqiy hujjatlarda ham o`z aksini topgan. Avvalroq G.Karimovaga ham ana shunday imtiyoz berilgandi.

Ya`ni mahkumning jinoiy yo`l bilan orttirilgan pul mablag`lari hamda davlatga etkazilgan zararni qaytarish bo`yicha o`z zimmasiga olgan majburiyatidan kelib chiqib, uning jazosi ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgandi. Bunda mahkumga qonunchilikda belgilangan qator cheklovlarga, jumladan, turarjoyni tark etmaslik, aloqa va internet vositalaridan foydalanmaslik, shuningdek, zararni qoplash talabi qo`yilgan.

Biroq G.Karimova jazoni o`tash davrida sud tomonidan o`rnatilgan cheklovlarni muntazam ravishda buzib, o`ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan. U jazoni o`tash tartibi va shartlarini qasddan buzishda davom etgan, muntazam ravishda aloqa vositalaridan foydalangan, axloqsiz harakatlani davom ettirgan, jinoyat ishi bo`yicha aniqlangan o`zi tomonidan etkazilgan zararning qoplanishiga faol to`sqinlik qilgan. Shundan so`ng sud unga tayinlangan jazoning qolgan qismini umumiy rejimdagi koloniyada o`tash jazosiga almashtirish to`g`risida ajrim chiqargan.

Yuqoridagi vaziyatda G.Karimova bu holatga xuddi avvalgidek qonunlarga mensimaslik bilan qarab, buni xuddi bo`lishi kerak bo`lgan narsadek qabul qildi. Vaholanki, O`zbekistonda barcha qonunlar hamma uchun barobar ishlay boshlagan edi. Afsuski, u berilgan imkoniyatdan foydalanmadi. Xo`sh, endi ham uning ishonchni suiiste`mol qilmasligiga kafolat bormi? Uni alqab, ko`kka ko`tarayotganlar bunga kafil bo`la oladimi? Bizning-cha, yo`q. Qolaversa, G.Karimovaning jinoiy faoliyatining yangi, xali sud baho bermagan xolatlari ham mavjudligi haqida ma`lumotlar bor. Demak, barchasi qonuniy hal etilmog`i zarur.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1