Eron yadro dasturi bo`yicha kelishuv shartlaridagi barcha majburiyatlarni to`liq bajarmasligini va boyitilgan uran miqdorini oshirishni ma`lum qildi. Bu haqda Euronews.com nashri xabar berdi.
Bu esa xalqaro hamjamiyatni qattiq tashvishlantirmoqda. Shu munosabat bilan MAGATE tashkiloti mazkur haftada o`zining favqulodda majlisini o`tkazishini ma`lum qildi. O`z navbatida Fransiya tomoni diplomatik yo`llar orqali yadro dasturi bo`yicha kelishuvni saqlab qolishga harakat qilishga urinmoqda.
Mamlakat prezidenti Emanuel Makron mazkur masalada Eron prezidenti bilan telefon orqali muzokara o`tkazdi. Eslatib o`tamiz, ushbu kelishuv Eron, AQSh, Rossiya, Xitoy va Evropaning uch davlati o`rtasida imzolangan bo`lib, AQSh va Evropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalarning bekor qilinishi evaziga Tehron tomonidan o`z yadro dasturini cheklash bo`yicha qator chora- tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Biroq o`tgan yili Donald Tramp tashabbusi bilan AQSh ushbu bitimdagi ishtirokni to`xtatishi va Eronga nisbatan sanksiyalarning qayta tiklanishi mazkur mojaroning chuqurlashib borishiga sabab bo`lmoqda. Vashingtongga javob tariqasida rasmiy Tehron kelishuvda belgilangan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortmoqda. Britaniya diplomatiyasi rahbari Djeremi Xant esa buning oqibatlari juda ayanchli bo`lishidan ogohlantirmoqda.