Kecha, 9 iyul kuni Markaziy harbiy okrugiga qarashli Jizzax viloyati “Forish” tog` poligoni yaqinida navbatdagi Xalqaro armiya o`yinlariga va Mudofaa vazirligi miqyosidagi ayrim musobaqalarga jangovar texnikalarni tashish uchun maxsus dala temir yo`l inshoot foydalanishga topshirildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.
Tantanali tadbirda okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Oybek Saidov qurilish ishlarida yaqindan yordam bergan barcha xodimlar va harbiy xizmatchilarga esdalik sovg`alar va faxriy yorliqlar topshirdi.
Markaziy harbiy okrug qo`mondonligi hamda “O`zbekiston temir yo`llari” AJ bilan hamkorlikda kunduzgi va tungi vaqtlarda ishlaydigan Chimqo`rg`on temir yo`l hududida 3 mlyard so`m mablag` evaziga maxsus dala temir yo`l stansiyasi qurildi. Jangovar texnikalar qo`riqlash guruhi uchun maxsus jihozlangan har bir vagonga 150 mln so`m mablag` sarflangan. Ushbu vagonlarda jangovar xizmatni olib borish uchun bir qator qulayliklar yaratilgan. Qish-yozgi mavsumdagi kondesioner, yuvinish va dam olish, kuzatuv xonalaridan iborat.
Harbiy texnikalar bilan harakatlanayotgan poezd okrug qo`mondonligi tomonidan onlayn tarzda kuzatilib boriladi. Eskisidan farqli ravishda okrugda birinchi bo`lib, qisqa muddatda platformani yon tomonidan harbiy texnikalarni ortish ishlari amalga oshiriladi. Chiqish maydoni esa betondan qilinishi (avval temirdan foydalanilgan) og`ir texnikalarni sirpanib, tushib ketishini oldini oladi.
Ma`lumot o`rnida, Hozirda Qurolli Kuchlarda qurol-aslaha va jangovar texnikalarni tashish ishlari temir yo`l, havo hamda avtomobil transport vositalari orqali amalga oshiriladi.