Nukus umumqo`shin poligonida Shimoli-g`arbiy harbiy okrug tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofiserlari uchun jangovar harakatlarda shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiyta`minoti bo`yicha ko`rgazmali mashg`ulotlar o`tkazildi.
O`q otilishi ovozlari, olov va metal trubalar orasidan yugurib o`tgan askarlar guruhi jangovar vaziyatga maksimal darajada yaqinlashtirilgan sharoitda o`zlarining axloqiy-ruhiy irodasi va harakatlarining mutanosibligini namoyon etdi.Harbiylar uchun tutunlarga burkangan, alanga va har tomondan portlayotgan imitasiya vositalari bilan qoplangan razvedkachilar yo`lagi haqiqiy sinovlarga boy bo`ldi. To`siqlar yo`lagini bosib o`tish jarayonida akustik tizim orqali uzatilgan o`q ovozlari, yurakni ezib yuboruvchi chinqiriqlar vaziyatga vahimali tus berdi.
Keyingi bosqichda askarlar psixologik bosim va shartli dushmanning muntazam hujumi ostida jangovar o`t ochish mashqida qatnashdi. Yaralangan birodarini jang maydonidan olib chiqish va unga birinchi tibbiy yordamni ko`rsatish — jangchilarning navbatdagi vazifasi shundan iborat bo`ldi. Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonining o`rinbosari podpolkovnik Nuriddin Qodirov boshchiligidagi o`quv yig`ini nafaqat amaliy mashg`ulotlarga, balki nazariy ko`nikmalarga ham boy bo`ldi.
O`quv joylarining birida malakali mutaxassislar psixologik bosim vaqtida stressni echish bo`yicha ko`rsatmalar berib, buni amalda namoyish etdi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati