1

2019 yil 1 milliondan ortiq abiturient oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga tahsil olish uchun ro`yxatdan o`tdi

Jamiyat 20.07.2019, 20:37
2019 yil 1 milliondan ortiq abiturient oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga tahsil olish uchun ro`yxatdan o`tdi

Oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga qabul test sinovlarini adolatli va shaffof tarzda o`tkazilishini ta`minlash bo`yicha “Yoshlar press-klubi”ning navbatdagi sessiyasi bo`lib o`tdi. O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan o`tkazilgan ochiq muloqotda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi mutasaddilari, jurnalist va blogerlar hamda abiturientlar ishtirok etdi.

Unda oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga qabul test sinovlarini adolatli va shaffof tarzda o`tkazilishini ta`minlashga doir sa`y-harakatlar, tizimdagi yangiliklar, ro`yxatdan o`tishdagi qulayliklar va o`zgarishlar haqida fikr-mulohazalar yuritildi. Muhokamada ta`kidlanishicha, joriy o`quv yilida oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga tahsil olish uchun 1 million 66 ming 925 nafar abiturient ro`yxatdan o`tib, ma`lumotlar bazasiga kiritilgan. 2019 yilgi qabul test sinovlari uchun 180 ming dan ortiq test topshiriqlari shakllantirilib, 2-bosqich ekspertizasi o`tkazilgan. Ular o`zbek, rus va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.

Respublika bo`yicha jami 69 ta bino test sinovlari uchun ajratib olingan. Ularning eng kattasi 1 ming 710 o`ringa ega. 69 ta binoda bir kunda 2 smenada 1 ming 275 ta guruhda 38 ming 310 nafar abiturient test topshiradi. Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda binolar uchun 1 ming 155 tadan ortiq videokuzatuv kameralari, 120 dona mobil aloqalarini to`suvchi qurilma, abiturientlar sonidan kelib chiqqan holda metalloramalar, barmoq izi asosida tanish vositalari tayyorlandi. Joriy yilgi test sinovlari 29 iyul kunidan boshlanishi belgilangan.

Spikerlar test sinovlarining adolatli o`tishini ta`minlash maqsadida bir kunda 2 ming 554 nafar nazoratchi jalb etilganligiga alohida to`xtalib o`tishdi. Test sinovlarida ishtirok etish uchun “Abiturient ruxsatnomasi”ni tarqatish bo`yicha ham batafsil ma`lumot berildi. Sessiya yakunida ishtirokchilar o`zlarini qiziqtirgan savolarga javob olishdi.

“Yoshlar press-klubi”ning mazkur sessiyasini 21 iyul kuni 19:30 da “Yoshlar” telekanalida to`liq formatda tomosha qilishingiz mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1