Markaziy harbiy okrugiga qarashli Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi harbiy qismda naqqosh askar tomonidan bir qator san`at asarlari yaratildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.
Shartnoma asosidagi harbiy xizmatchi, oddiy askar Qobiljon Mamadaliev 1994 yilda Namangan viloyati Uychi tumanida tug`ilgan. Bolaligidan rasm chizish, naqqoshlik san`atiga ishtiyoqi o`zgacha bo`lgan o`g`lon kollejni tamomlab, 2013-2015 yillar davomida naqqoshlik va dizayner yo`nalishi bo`yicha qo`shimcha ta`lim olgan.
2016 yilda muddatli harbiy xizmatni o`tab, shartnoma bo`yicha xizmatga qoladi. Hozirgi vaqtga qadar qo`li gul askar “Men g`olibman”, “Buyuk siymolar” hamda ko`plab landshaftli bezaklarni yasab, harbiy qismga o`zgacha ko`rk qo`shib kelmoqda.
“Men g`olibman” nomli portret va “Temur tuzuklari” kitobi tobora ommalashib bormoqda. Yaqinda ushbu san`at asarlari O`zbekistondagi birinchi raqamli “Kattaqo`rg`on” poligoniga ham o`rnatildi.
“Men o`z kasbimdan faxrlanaman, chunki bolalikdagi birdan bir orzuyim Vatan himoyachisi bo`lish edi. Sevimli kasbim va mashg`ulotim bilan shug`ullanishga imkoniyat yaratib berishmoqda. Bundan juda xursandman”, deydi harbiy xizmatchi Qobiljon Mamadaliev.
Harbiy qismda tashkil etilgan naqqoshlik to`garagiga ko`plab harbiy xizmatchilar a`zo bo`lmoqda. Hozirda ushbu harbiy qismda buyuk bobokalonimiz Amir Temur siymosi va “Temur tuzuklari” kitobi zamonaviy yondashuv asosida yaratilmoqda. Bunday iste`dodli harbiylar hamisha qo`llab-quvvatlanishi lozim.