Rasmiy Pxenyan Seul bilan Koreya yarim orolini tinchlik yo`li bilan birlashtirish masalasida boshqa muzokaralar o`tkazmasligini bildirdi. Bu haqda Euronews.com nashri xabar berdi.
Janubiy Koreyaning AQSh bilan hamkorlikda o`tkazgan harbiy o`quv mashg`ulotlari sabab ana shunday qarorga kelingan. Shimoliy Koreya hukumatining bayonotida aytilishicha, ikki davlatning harbiy o`quv mashg`ulotlari urushga tayyorgarlik ko`rishni mashq qilishmoqda. Aynan shu sabab rasmiy Pxenyan muzokaralar stoliga boshqa qaytib o`tirmasligini ma`lum qildi. Bundan avval esa Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In 2045 yilga qadar ikki Koreyani birlashtirishga va`da bergan edi.
Ushbu voqealar jarayonida Shimoliy Koreya tomoni Yapon dengizi tomon ikkita noma`lum raketa uchirdi. Bu so`nggi uch hafta davomidagi oltinchi ana shunday holatdir. Janubiy Koreya va AQSh harbiylarining fikricha, bu yaqin masofaga uchuvchi ballistik raketalar bo`lgan. Xabarlarga ko`ra, snaryadlar 30 km balandlikka qadar ko`tarilib, 230 km masofani bosib o`tgan. Rasmiy Tokio ma`lumotlariga ko`ra, noma`lum raketalar Yaponiyaga tegishli erkin iqtisodiy zona hududiga qadar etib kelmagan.