Qishloq xo`jaligidagi islohotlarning yangi bosqichi belgilandi

Siyosat 06.09.2019, 17:50
Qishloq xo`jaligidagi islohotlarning yangi bosqichi belgilandi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 sentyabr kuni qishloq xo`jaligini 2020-2030 yillarda rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Mamlakatimiz qishloq xo`jaligi bo`yicha ulkan salohiyatga ega. Bozorlarimiz to`kin, xalqimiz rizqi mo`l-ko`l bo`lishidan tortib eksportdan qo`shimcha daromad topishgacha bo`lgan juda ko`p masalalar shu soha bilan bog`liq.

Keyingi yillarda qishloq xo`jaligini isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo`yicha qator ishlar amalga oshirildi. Davlat xarid narxlari qariyb 3 barobarga ko`paytirilgani natijasida manfaatdorlik oshdi. Paxtachilik va g`allachilik hashar emas, chinakam daromad manbaiga aylandi.

Yangi texnologiya va innovasiyalarni joriy qilish, mehnat unumdorligi va ish haqini oshirish maqsadida 76 ta paxta-to`qimachilik klasterlari tashkil etildi.

Joriy yilning o`zida 25 ming gektar paxta maydonlarida suv tejovchi yangi sug`orish tizimi joriy qilindi. Foydalanishdan chiqqan 1 million 100 ming gektar erni qayta ishga kiritish bo`yicha sa`y-harakatlar boshlandi.

Bular, albatta, yaxshi natijalar, lekin mazkur ishlar – islohotlarning birinchi bosqichi.

Prezidentimiz faqat bugunni emas, balki ertangi kunni ham o`ylab, uzoqni ko`zlab islohotlarni yangi bosqichga ko`tarish vazifasini qo`ymoqda. Shu maqsadda qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo`ljallangan strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Bu iqtisodiyotimizning asosiy o`sish nuqtasi, “drayveri” bo`ladi. Ming-minglab ish joylari yaratiladi, odamlarning daromadi oshadi.

Yig`ilishda mazkur strategiyani amalga oshirish uchun zarur bo`lgan muhim vazifalar belgilab berildi.

Bunda, avvalo, qishloq xo`jaligi erlarining aniq hisobini yuritish, ulardan foydalanishni takomillashtirish lozimligi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, “Ergeodezkadastr” qo`mitasiga 2021 yil oxirigacha respublikaning barcha hududlarida erni hisobga olish ishlarini yakunlash, er hisobini yuritish bo`yicha yagona elektron bazani yaratish topshirildi.

Qayd etilganidek, unumdorlikni oshirishga, ko`p yillik mevalar etishtirishga intilishi uchun er egalarining ertangi kunga to`la ishonchi bo`lishi kerak. Shu bois Prezidentimiz qonunchilikni qayta ko`rib chiqib, er ajratishning shaffof tizimi va erga bo`lgan huquqning kafolatlanishini ta`minlash zarurligini ta`kidladi.

Qishloq xo`jaligida suvdan to`g`ri foydalanish ham juda muhim masala. Tahlillarga ko`ra, yurtimizda ekin maydonlariga milliardlab kub metr suv yo`naltirilsa-da, uning faqat 60 foizi ekinlarga etib boradi, 40 foizi sug`orish tizimlarida va sug`orish jarayonida yo`qotiladi.

Jahon suv resurslari instituti tahminlariga ko`ra, 2040 yilga borib O`zbekiston suv o`ta tanqis bo`lgan 33 mamlakat qatoridan joy olishi mumkin.

Shu bois davlatimiz rahbari bu masalaga alohida e`tibor qaratib, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va uning hisobini yuritish, har yili 200 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib borish zarurligini ta`kidladi. Ushbu yo`nalishlar ishlab chiqilayotgan strategiyada o`z aksini topishi kerakligi aytildi.

Qishloq xo`jaligini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash va davlat xaridlari tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilinar ekan, byudjet mablag`larining asosiy qismini erlarning unumdorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ilm-fanni rivojlantirishga sarflash lozimligi ko`rsatib o`tildi.

Sohaning eksport salohiyatini oshirish va qo`shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko`paytirish masalalariga alohida ahamiyat qaratilib, bu boradagi jahon tajribasi tahlil qilindi.

Masalan, Turkiyada 1 gektar erdan 2 ming dollarlik, Misrda 8 ming dollarlik, Isroilda 12 ming dollarlik mahsulot etishtiriladi. O`zbekistonda esa bu ko`rsatkich 300 dollardan oshmayapti. Doim bir xil standartdagi tovar etkazib berish yo`lga qo`yilmagani sababli mahsulotlarimiz tashqi bozorda raqobatlasha olmayapti.

Yig`ilishda mutasaddilarga mahsulotlarni Evropa Ittifoqi, Sharqiy Osiyo va arab mamlakatlari standartlari asosida sertifikatlash tizimini joriy etish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Bu borada tomorqa xo`jaliklari ham katta rezerv ekani, “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida joylarda logistika xizmati va kooperasiya tizimini keng joriy qilish lozimligi qayd etildi.

Xizmat ko`rsatish borasida ham kamchiliklar mavjud. Masalan, bu tizimda raqobat yo`qligi sababli xizmatlar narxi yuqori, mahsulot ishlab chiqaruvchining tanlash imkoniyati yo`q.

Shuning uchun mineral o`g`itlarni etkazib berish, o`simliklarni himoya qilish, texnika va boshqa xizmatlar sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida xizmat turlarini ko`paytirish, xususiy korxonalar faoliyatini yo`lga qo`yish zarurligi ta`kidlandi.

Joriy yilda boshlangan erni kosmik zondlash orqali tuproq va ekinlarning haqiqiy holatini tezkor va ishonchli baholash ishlarini 2020 yil yakuniga qadar to`liq oxiriga etkazish darkor. Bu tizim vegetasiya jarayoni, tuproqning meliorativ holati va minerallashuv miqdori, namlik darajasi haqida to`liq ma`lumotlarni berib, hosildorlikni 25-30 foizga oshirish imkonini beradi.

Mutasaddilarga ekinlarni joylashtirishdan tortib, sotuvgacha bo`lgan jarayonlarni to`liq raqamlashtirish tizimini joriy etish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Yuqoridagi vazifalar bajarilishini samarali tashkil etish uchun eng avvalo malakali kadrlar kerak. Xalqaro tajriba asosida sohaga ixtisoslashgan oliy o`quv yurtlarida o`qitishning yangi metodikasini tatbiq etish, professor-o`qituvchilar ishtirokida sayyor o`quv darslari hamda seminarlar tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Ilmiy-tadqiqot institutlarida ertapishar mahsulot turlari va hududlar iqlimiga mos chorva zotlarini yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo`yicha ham ko`rsatmalar berildi.

Umuman olganda, yangi strategiya qishloq xo`jaligiga bozor mexanizmlarini joriy qilib, ilmiy asoslangan ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash, eksportni ko`paytirish, aholi jon boshiga to`g`ri keladigan mahsulotlar hajmini bir necha barobarga oshirishga xizmat qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1