1

Olis G`arbning kunbotar qismida yoxud San-Fransisko bo`ylab 48 soat

Dunyo 08.09.2019, 17:41
Teglar: Foto
Olis G`arbning kunbotar qismida yoxud San-Fransisko bo`ylab 48 soat

Odatda G`arb deganda Evropa yoxudAmerikani tushunamiz. Aslida Sharq, G`arb, Shimol, Janub tushunchalari hamnisbiy ekanini ba`zan unutib ham qo`yamiz. Biz G`arb deb ataydigan Amerikaning g`arbiy qirg`oqlari Kunchiqar mamlakat nomini olgan Yaponiya uchun sharq hisoblanishi Albert Eynshteynning nisbiylik nazariyasini yana bir karra yodga soladi.

Beixtiyor, Amerikaning Tinch okeaniga ulanib ketgan San-Fransisko qo`ltig`ida turib, ummonning poyonsoz kengliklariga tikilarkanman, shu fikrlar xayolimdan o`tdi.

...Men San-Fransiskoni kinolarda ko`rganman, u haqida kitoblarda o`qiganman. (Buyuk Amerika yozuvchisi Jek London ham shu erda tavallud topgan). Ayni damda ortimda ana shu ulkan shahar turganini tasavvurimga sig`dirolmayman. Qarshimda esa ko`rfazning ikki sohilini birlashtirgan uzun po`lat ko`prik. Darvoqe, Amerika Qo`shma Shtatlari bo`ylab tashkil qilingan media-tur dasturi bo`yicha so`nggi manzil – San-Fransiskoga aynan mana shu – Bey-bridj ko`prigi orqali kirib keldik.

Amerikadagi eng uzun ko`prik

Oklend va San-Fransisko shaharlarini bog`lab turadigan Bey-Bridjning umumiy uzunligi 7200 metrni tashkil qiladi va o`z me`moriy echimiga ko`ra dunyodagi eng go`zal va yirik osma ko`priklar qatorida turadi. Ko`prikning narigi tomonida Kaliforniyaning yirik shaharlaridan yana biri Oklend joylashgan. Har kuni bu ko`prik orqali o`n minglab mashinalar o`tib qaytadi.

Xuddi shu erdan – sohildan sayyohlarni ko`rfaz bo`ylab sayr qildirishga mo`ljallangan paromlar qatnaydi. Parom yordama ko`rfaz oralab shahardagi ikkinchi ko`prik – Golden Gatega qadar suzib borish mumkin.

Amerikada hech narsaga navbat kutilmaydi, deganlar yanglishadi. Biz ham ana shunday paromlarning biriga chipta olish uchun ancha navbat kutdik. Lekin navbatda turgan turnaqator odamlarning oxiri ko`rinmaydi. Oxiri sabrimiz chidamay ortga qaytdik. Har qalay ko`rfazni sohilda turib ham tomosha qilish mumkin-ku?

Qarshimizda ko`rfaz, ortimizda esa, har yili millionlab sayyohlarga quchoq ochadigan mashhur shahar!

Darvoqe, San-Fransisko shahri AQShning kattaligi bo`ycha 13-shahri hisoblanadi. Ayni paytda bu erda 883 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. (Bilmadim, negadir men ko`proq bo`lsa kerak deb o`ylarkanman)

Avliyo Fransisko xotirasiga

Shahar nomi o`n ikkinchi asrda yashagan katolik ruhoniysi avliyo Fransisko d Assizi(1182-1226) nomidan olingan. Ikki yarim asr muqaddam bu erda Amerika hindu qabilalaridan biri – olonlar istiqomat qilishgan. Bu erga ilk bor ispan istilochilari 1776 yildayoq kirib kelgan va yaqin oradagi orolda ilk manzilgohlarini (Bueno Yerba)qurishgan. Keyinchalik ispanlar orodan materik tomonga ham o`tib, o`z hududlarini kegaytira boshlashgan.

Orol 1821 yilgacha Ispaniyaga, undan to 1848 yilgacha Meksikaga qaragan. Amerika-Meksika urushidan keyin butun Kaliforniya hududi AQSh ixtiyoriga o`tadi va o`sha davrlardan boshlab avliyoFransisk sharafiga San-Fransisko nomini oladi. Biroq, shaharda hozirga qadarispan tili ikkinchi til sanaladi. Ko`chalarda, jamoat joylarida har ikki tildagi e`lonlarni ko`rish mumkin.

1906 yilda yuz bergan kuchli tabiiy ofatlar halokatli ta`sir ko`rsatadi. 7,7 magnitudali zilzila ortidan sohil bo`yidagi shahar kuchli suv toshqini ostida qoladi. Kutilmaganda kelib chiqqan yong`in shaharning katta qismini kulga aylantiradi. Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra 3000 dan ortiq odam nobud bo`ladi. Shaharning qayta qad rostashi uchun yillar kerak bo`ldi. Bugun esa, San-Fransisko dunyoning eng go`zal va jozibador shaharlaridan biriga aylangan.

San-Fransisko o`zining nisbatan salqin iqlimi bilan bosh shahardan farq qiladi. Hatto Arizonada yoz chillasida nafas olish qiyin bo`lib turgan bir paytda kechki payt San-Fransisko ko`chalarida qalinroq kiyinmasangiz, sovqotishingi hech gap emas. Bir paytlar Mark Tven hazillashib “men umrimdagi eng qahraton qishni San-Fransiskoda, yoz oylarida ko`rganman” degan edi. Chindan ham shaharni okean to`lqnlari va sovuq havo oqimi yuvib turadi.

“Oltin darvoza” ostonasida

Xullas, Bey-Brijdan “Oltin darvoza”gacha paromda suzib borish nasib etmadi. Shaharning eng xushmanzara maskanlaridan bo`lgan bu hududda quruqlik orqali – taksida borishga qaror qildik. Shahardagi tirbandlik sabab 10-12chaqirimlik masofani bir soatdan ko`proq vaqt davomida bosib o`tishga to`g`ri keldi.

Sohilbo`yicha yaqinlashgan chog`dayo`lning ikki tomonni egallagan yam-yashil tepaliklar, yashil o`rmonlar ko`zga tashlanadi. Nihoyat “Oltin darvoza” (The Golden Gate Park) parkiga kirib boramiz. Park sayyohlar va shaharliklarning eng sevimli maskani. Baland tepaliklardan turib, Tinch okeanining muhtasham manzaralarini kuzatish kishiga ayricha zavq beradi.

Dengizdan ko`tarilayotgan bulutlar orasidan San-Fransiskoni shtatning Marin okrugi bilan bog`lovchi “Oltin ko`prik” (Golden Gate) ora-sira ko`zga tashlanadi.

Park shaharning okeanga tutashKrissi-fild vodiysida joylashgan. O`tgan asr boshlarida bu erda harbiy aerodrom qurilgan. Birinchi jahon urushi davrida bu aerodrom muhim strategik vazifalarni bajargan. 1919 yilda AQSh harbiy havo kuchlari mayori Dana Krissi harbiy samolyotda Solt-Leyk Siti aerodromida uchish-qo`nish mashqlarini bajarayotib, halokatga uchraydi. Shu tariqa marhum mayorning nomini abadiylashtirish maqsadida bu hududga Krissi fild (Krissi dalasi) nomi beriladi.

1976 yilda harbiy aerodrom yopiladi. 1994 yilda esa, Oltin darvoza parki keng omma uchun ochiq deb e`lon qilinadi.

Krissi fild yam-shil dalalar moviy dengiz bilan tutashgan hudud. Olisdan shiddan bilan yopirilib kelayotgan asov to`lqinlar xuddi bir mudat tin olmoqchidek o`zini zaminning yashil ko`rpasiga ustiga tashlaydi-yu, nimanidir unutgandek yana sirg`algancha ortga qaytadi.

O`tloqda dam olish kunini o`tkazish uchun kelgan ko`plab oilalalarni ko`rish mumkin. Kaliforniyada 70 dan ortiq millat va etallar yashaydi. Shu bois quloqqa turfa tillardagi xitoblar chalinadi. Beixtiyor daydi shabbodalar qaerdandir yangi pishayotgan kabob hidini dimoqqa uradi. Ana, sal nariroqda eronlik yigit ko`raga terilgan kaboblarni gazeta bilan elpiyapti. Yon-atrofida bolalari chopqillab yuribdi. Undan sal nariroqda xitoylik yosh kelin-kuyov qo`ltiqlashib, sokin sayr qilishadi. Zum o`tmay yonimizdan mallasoch qiz telefonda kim bilandir ruscha gaplashib o`tib ketyapti. Ochiq dengiz sohilida qirmizi sari kiygan hind ayoli kaytini peshonasiga tirab yaqin atrofda cho`milayotgan bolalarini xavotir bilan kuzatadi.

Jinoyatchilar oroli

Olis-olislarda esa, bir paytlar ko`pchilik nomini xavotir bilan tilga oladigan Alkatras oroli ko`rinadi. Alkatras qamoqxonasi ko`rinib turibdi. Alkatras tarixda o`zining qat`iy rejimli qamoqxonasi bilan nom qozongan.

Dastlab XIX asr o`rtalarida harbiy istehkom sifatida qurilgan bu qal`a keyinchalik harbiy asirlar uchun qamoqxonaga aylantirilgan. Bu erda uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan eng ashadiy jinoyatchilar saqlangan.Bir paytlar jinoyatda olamining mashhur vakili Al-Kapone ham umrining bir qismini shu erda tutqunlikda o`tkazgan. Bu qamoqxona “Cho`qqi”, “Alkatrasdan qochish”, “Birinchi darajali qotillik” filmlari orqali ham tomoshabinlarga yaxshi tanish.

Alkatras 1963 yilda qamoqxona sifatida o`z faoliyatini to`xtatadi. Bunga sabab qilib mahbuslarni orolda ushlab turish juda qimmatga tushgani aytiladi. 1969 yilda bir guruh tub amerikalik hindular orolni batamom egallab olishadi va u erni shaxsiy mulklari deb e`lon qilishadi. 1971 yilda Amerika hukumatininig qarori bilan hindular oroldan chiqariladi va u “Oltin ko`prik” Milliy parkininig bir qismi deb e`lon qilinadi.

Bir paytlar bu orol alohida ihotalangan hudud hisoblangan. U erga faqat tegishli ruxsanomasi bo`lgan davlat xizmatchilari kiritilgan xolos. Bugungi kunda orol va undagi eski qamoqxonaga borish turistlar uchun qiyinchilik tug`dirmaydi. Qirg`oqdan Alkatrasga maxsus paromlar qatnaydi. Lekin afsuski, sayohtimiz dasturida bo`lmagani uchunmi. Bu tarixiy orolga borish va eski qamoqxonani ko`zdan kechirish ham nasib etmadi.

“Olis G`arb”ning sharqona go`shasi

Ma`lumki, dunyoning turli yirik shaharlarida (Xitoydan tashqarida) xitoyliklar yashaydigan yoxud faoliyat ko`rsatadigan dahalar Chayna-taun (China Town) deb ataladi. Dunyodagi eng katta va eng qadimiy xitoyliklar dahasi ham aynan San-Fransiskoda joylashgan.

1860 yllardan boshlab, Xitoydan Tinch okeani orqali juda ko`p muhojirlar San-Fransiskoga oqib kela boshlaydi. Ular Amerikaning yirik konsernlarida arzon ishchi kuchi sifatida yollanib ishlashardi. Bu esa keyinchalik shaharda ishsizlik dajasining ortishi va aholining jiddiy noroziligiga sabab bo`ldi. 1882 yilda mahalliy hukumat xitoyliklar migrasiyasini cheklash haqida qaror chiqardi. Ammo, keyinchalik shaharda aholining kamayib ketishi bu qarorning bekor qilinishiga sabab bo`ldi.

Bugun shahar aholsining beshdan bir qismni xitoyliklar tashkil qiladi. “Chayna-taun” ko`chalarini kezar ekansiz, o`zingizni Amerikada emas, ko`proq Pekin yoki Shanxay ko`chalarida yurgandek tasavvur qilasiz.

Chunki har qadamda xitoy mahsulotlari bilan savdo qiladigan do`konlar, Xitoy restoranlari, madaniy markazlari, devor va peshtoqlarda Xitoy ierogliflari ko`zga chalinadi. 1970 yildan boshlab, har yili bu erda xitoycha yangi yil festivali o`tkaziladi...

Va nihoyat...

Albatta bu g`aroyib shaharning go`zalliklaridan bahramand bo`lish uchun bir-ikki kun kamlik qiladi. Qolaversa, “sehrli diyor” bo`ylab safarimiz ham qariy boshlagandi. San-Fransisko xalqaro aeroporti orqali ko`hna qit`aga, u erdan esa Vatanga tezroq etib borishga oshiqamiz. Samolyot erdan ko`tarilgan chog`da Kunbotarning g`arbida quyosh ummon bag`riga endigina bosh qo`ygandi. Illyuminator osha asrning shiddatli qiyofasini o`zida aks ettirgan yirik shahar bilan g`oyibona xayrlashdik.

Rustam Jabborov

Sharhlar

Xitoyda ertalabdan o`zini baxtsiz his qilganlar ishga kelishi shart emas

25.04.2024, 07:33

Xitoyning Xenan provinsiyasidagi chakana savdo tarmog`i asoschisi Yu Donglay xodimlarga ish va hayot muvozanatini yaxshilashga yordam berish uchun “baxtsiz ta`til” kunlarini joriy qildi, deb yozadi...
U nega qamalganini ochiqladi

01.04.2024, 16:31

Ijtimoiy tarmoqlarda Solixon domla nomi bilan tanilgan Solixon Ortiqxo`jaev 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari Darakchi.uz ga xabar berdi.2024 yil 30 mart Toshkent...
Pedagoglarni 3 yil kuttirgan qonun nihoyat imzolandi

21.02.2024, 17:28

Xabaringiz bor, 2024 yil 1 fevral kuni “Pedagogning maqomi to`g`risida”gi Qonun imzolandi. Undagi pedagoglar uchun eng asosiy o`zgarishlardan biri – endi maktabga yangi ishga kirgan...
⚡️iPhone 16 ko`rinishi e`lon qilindi

13.02.2024, 09:36

Tvitterda Majin Bu taxallusi ostida yashiringan taniqli Apple insayderi yangi avlod iPhonelari haqida yangi ma`lumotlar bilan bo`lishdi. Insayder xabaridan ma`lum bo`lishicha, kompaniya bir vaqtning o`zida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1