Avval xabar berganimizdek, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat vakillarimiz 16-21 sentyabr kunlari bo`lib o`tadigan “Markaz-2019” yirik masshtabdagi strategik qo`mondonlik-shtab o`quvlarida ishtirok etadi.
Hamyurtlarimiz ushbu harbiy strategik mashg`ulotlarda qatnashish uchun Rossiya Federasiyasining Orenburg viloyatidagi “Donguz” poligonida qad ko`targan vaqtinchalik harbiy shaharchaga etib kelib, o`zlari uchun ajratilgan chodirlarga joylashdi. U erga davlatimiz bayrog`i o`rnatildi.
Kun tartibi bo`yicha harakat qilayotgan vakillarimiz birinchi kuni o`zlari uchun ajaratilgan hududni ko`zdan kechirib, dala sharoitida yaratilgan harbiy shaharcha bilan tanishdi. Guruh rahbarlari tomonidan yana bir bor texnika xavfsizlik qoidalari eslatib o`tildi. O`sha kuni harbiy oshpazlarimiz tomonidan o`zbek milliy taomi – osh damlandi. Ta`kidlash joizki, harbiy oshpazlarimiz polovxonto`rani yurtimizdan keltirilgan masalliqlar bilan tayyorlashdi. Qolgan kunlari esa dala sharoitida belgilangan taomnoma asosida olib borishadi.
Eslatib o`tamiz, ushbu strategik qo`mondonlik-shtab o`quvlarida sakkiz mamlakat – Rossiya, Qozog`iston, Xitoy, Pokiston, Hindiston, Tojikiston, Qirg`iziston va O`zbekistonningharbiy kontingenti ishtirok etadi.
Ushbu o`quvlar Markaziy Osiyo hududida xalqaro terrorizmga qarshi kurashish, real jang vaziyatida topshiriqlarni hamkorlikda bajarishda mamlakatlar qo`shinlarining guruh (kuch)larini samarali qo`llash borasida qo`l keladi. Shuningdek, mamlakatlar qurolli kuchlarining milliy manfaatlarini himoya qilishga bo`lgan shayligi yana bir bor sinovdan o`tkaziladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti