AsosiyJamiyat

Buxoroda ichimlik suvi muammosi bartaraf etiladi

'Buxoroda ichimlik suvi muammosi bartaraf etiladi'ning rasmi

Statistik ma`lumotlarga nazar solsak, ayni kunda Buxoro viloyatida istiqomat qilayotgan aholining 1 milliondan sal oshig`i yoki 53 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta`minlangan. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati ma`lumotiga tayanib xs.uz sayti xabar berdi.

Qolgan aholi esa muqobil tarzda, ya`ni suvni tashib keltirib iste`mol qilmoqda. Markazlashgan dedik: “Quyimozor suv ombori”, “Zarafshon” suv inshooti tarmog`i orqali “Jo`yizar” kanali, “Amu Qorako`l” suv inshooti tarmog`i, Samarqand-Buxoro-“Damxo`ja” mintaqalararo magistral suv quvuri, qolaversa, chekka tumanlarda artezian erosti suv inshootlari ana shu ehtiyojni imkon qadar qoplamoqda. Ammo bu etarli emas.

Talab va ehtiyojning oshib borayotganini inobatga olib, birgina 2019 yilda davlat byudjeti mablag`lari hisobidan qator loyihalar amaliyotga tadbiq etilmoqda. Jumladan, viloyatdagi 44 ta ob`ektda uzunligi 328 kilometr suv tarmog`i tortish, 19 ta suv inshootini qurish va kapital rekonstruksiya qilishga kirishildi. Bu ishlarga 119 milliard 14 million so`m mablag` moliyalashtirildi.

Davlat investisiya dasturi doirasida 11 ta ob`ektda uzunligi 55,7 kilometr suv tarmog`i hamda 7 ta suv inshootini qurish va kapital ta`mirdan chiqarishga 33,7 milliard so`m sarmoya ajratildi. Viloyatning shahar va tumanlarida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari asosida 33 ta aholi punktini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash maqsadlariga 85 milliard 44 million so`m mablag` o`zlashtirildi. Bu sa`y-harakatlar natijasida hududlarda 327 kilometrga suv tarmoqlari tortilib, 13 ta suv inshooti bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinmoqda. Hududlar miqyosida olsak, hozirda 300 mingdan ortiq aholiga ega Olot va Qorako`l tumanlarida iste`molga yaroqli suvning qadri ham, narxi ham nihoyatda baland. Iqlim sharoiti murakkab va tuproq sho`rlanish darajasi yuqori bo`lgan bu ikki tumandagi ahvol atroflicha o`rganib chiqilib, ayni kunda 139 million AQSh dollariga teng qiymatdagi maxsus loyiha ishlab chiqilgan. Bu loyihani amalga oshirishda Jahon banki bilan o`zaro hamkorlik shartnomasi imzolangan. Sherik tomon bu ishga 82 million AQSh dollari sarmoya kiritdi. Qolgan 57 million AQSh dollari esa O`zbekiston Respublikasi davlat byudjeti hisobidan ajratilishi ko`zda tutilgan. E`tiborli jihati, 2013-2020 yillarga mo`ljallangan loyiha bo`yicha hududda 37 ta suv olish minorasi quriladi. Bir kecha-kunduzda 50 ming metr kub suv etkazib berish quvvatiga ega “Dvoynik” suv olish inshooti kapital rekonstruksiya qilinib, umumiy uzunligi 1800 kilometr masofaga suv quvurlari tortilib, 41 ta suv tarqatish inshooti barpo etiladi. Joriy yil yakunigacha ikki tumanda umumiy 240 kilometrga suv tarmog`ini o`rnatish, 12 ta suv tarqatish minorasini qurish kabi ko`lamdor ishlarga qiymati 19,8 million AQSh dollariga teng mablag` sarflanmoqda.

Sohada olib borilayotgan tizimli ishlarda Jahon bankining moliyaviy madadi kengayib borayotganini ta`kidlash joiz. Jumladan, bu nufuzli moliya muassasasi 105 million AQSh dollar mablag`ini “Buxoro va Samarqand shaharlari kanalizasiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish” loyihasiga tikkan. Geografik jihatdan kattagina hududni egallagan loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishga 2011 yildan kirishilgan edi. Buxoro shahridagi 3 ta oqava suv nasos stansiyasini kapital rekonstruksiya qilish, sutkasiga 100 ming metr kub oqava suvni tozalash quvvatiga ega inshootni soz holga keltirish, 61 kilometrli suv quvurini yangisiga almashtirish ishlari 2020 yilda to`liq bitkazilishi kerak va bu loyihaga 44,9 million AQSh dollari ajratilgan.

Bundan tashqari, shu yil oxirigacha 12,4 million AQSh dollari hisobidan 32,5 kilometrdagi oqava suv quvurini rekonstruksiya qilish va 5 ta suv tozalash nasos stansiyasini rekonstruksiya qilinadi. Xuddi shunday muammo ayni paytda Kogon shahrida aholisini ham qiynab kelmoqda. Jahon banki talablari asosida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, tender tanlovi asosida pudrat korxonani tanlash va kelgusi yil mart oyiga qadar amaliy ishga o`tish taraddudi ko`rilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 29-30 mart kunlari viloyatimizga amalga oshirgan tashrifi hamda faollar bilan o`tkazilgan yig`ilishda viloyat aholisining 46 foizi toza ichimlik suvi bilan ta`minlanmaganligi, kanalizasiya tarmoqlari nosoz, qoniqarsiz ahvoldaligi, qolaversa, 5 ming kilometrdan oshiq ichki avtomobil yo`li ta`mirtalabligi alohida ta`kidlangani holda bu ishlar uchun 1 milliard 300 million AQSh dollari miqdorida sarmoya ajratilgandi. Ana shu tashrif tufayli Osiyo infratuzilmasi investisiya banki hamda boshqa xalqaro moliya muassasalarini jalb qilgan holda Buxoro viloyatida toza ichimlik suvi hamda oqava suv inshootlarini mukammal ta`mirlash va qurish bilan bog`liq qator loyihalar ishlab chiqildi. Umumiy qiymati 626 million AQSh dollariga teng bu ishlar 2019-2022 yillarda amalga oshirilishi belgilangan. Alohida o`rganishlardan ma`lum bo`lishicha, bu sarmoyaning 465,9 million dollari viloyatda toza ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash, 160,2 million dollari esa oqava suvlarni bartaraf etish maqsadlariga mo`ljallangan.

Shu nuqtai nazardan, Ibn Sino, “Zarafshon” suv olish, qolaversa, “Shohrud” suv tozalash inshootlarini modernizasiya qilish va quvvatlarini oshirish hisobidan Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, Buxoro, Kogon, Romitan, Jondor, Peshko` va hatto Qorovulbozor tumanlarining jami 920 mingdan ortiq aholisiga toza ichimlik suvini etkazib berish imkoni tug`iladi. Ayni kezda bu gigant loyiha qiymatii 327 million AQSh dollariga baholangan.

Boshqa hududda, ya`ni G`ijduvon, Shofirkon, Peshko` tumanlari aholisi talablarini qondirish maqsadida “Duoba” hududi, “Ko`kcha” erosti suv manbalari orqali toza ichimlik suvi bilan ta`minlash loyihasi ishlab chiqildi. Qiymati 57 million AQSh dollariga teng mazkur loyiha sharofatidan 150 mingdan ortiq aholining iste`molga yaroqli “obi hayot”ga bo`lgan ehtiyoji qondiriladi.

Yaqin yillarda viloyatni toza ichimlik suvi bilan ta`minlashda beqiyos hissasi qo`shilayotgan “Damxo`ja” magistral suv quvuri tarmog`ining quvvatlari yanada oshiriladi. Bu borada qariyb 90 million AQSh dollariga teng loyiha evaziga Romitan, Peshko`, Shofirkon, Vobkent, G`ijduvon tumanlarining kattagina qismi, aksariyati shimoliy-sharqiy hududidagi aholining toza ichimlik suvi muammosi kun tartibidan olinadi.

Bundan tashqari, oqava suvlarini bartaraf etishda G`ijduvon, Romitan, Olot, Qorako`l, Qorovulbozor tumanlari uchun alohida, Shofirkon, Peshko`, Vobkent, Buxoro, Jondor, Kogon tumanlari uchun boshqa loyihalar ishlab chiqildi. Kelgusi ikki yilda to`la-to`kis amalga oshiriladigan bu ishlar uchun umumiy qiymati 160 million AQSh dollari miqdoridagi sarmoya ajratilgan.

Aytish mumkinki, ayni kunda qator ob`ektlarda boshlangan ishlar yakunlanib, suv inshootlari birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda. Shofirkon tumanida “Zarchabek”, “Sho`robod”, “Arabxona”, “Iskogare” suv olish inshootlari yangidan barpo etilib, ishga tushirilgani mamlakatimiz Mustaqilligining 28 yilligi kunlarida katta tantana qilindi.

Xuddi shunday, Vobkentda “Rohkent” suv inshootining ishga tushirilishi shu erlik aholi uchun chinakam bayram tuhfasi bo`ldi. Viloyatning boshqa qator tumanlarida ham keng ko`lamdagi mukammal ta`mirlash, modernizasiya qilish va zamonaviy filtrlash uskunalarini o`rnatish orqali ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish ishlari qizg`in davom ettirilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar deyarli barcha tumanda yuqoridagi kabi inshootlar foydalanishga topshiriladi.

Bir so`z bilan aytganda, aholining toza ichimlik suviga bo`lgan talab va ehtiyoji shu yilning o`zida bulturgiga nisbatan ikki barovarga qondiriladi.

    Boshqa yangiliklar